25 noyabr kuni «Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi Hukumat qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga muvofiq, umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bosqichma-bosqich:

  • Toshkentda «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 yanvardan boshlab;
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 avgustdan boshlab;
  • respublikaning barcha hududida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.

Alohida fuqarolar toifalari uchun imtiyozli transport kartalarini shaxsiylashtirish va karta tannarxi bo‘yicha sotish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, avtomatlashtirilgan tizim uchun tariflarni belgilash tartibi ishlab chiqiladi.

Unda, bitta to‘lov bilan bir nechta transport yoki transport turidan foydalanish imkoniyati, yo‘nalishdagi vaqt hamda masofadan kelib chiqqan holda belgilanadigan tarif rejalarini joriy etish kabi masalalar nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Transport vazirligining ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar yo‘lkira haqini transport kartalari, mobil ilovalar va QR-kodli bir martalik chiptalar orqali to‘lashlari mumkin. Kartalarni esa savdo nuqtalari, metropoliten, aeroportlar, temir yo‘l kassalari va avtovokzallar kassalaridan sotib olish mumkin bo‘ladi.

Kartalar narxi 8000−9000 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Kartalarni bankomatlar, kioskalar, to‘lov terminallari va mobil ilova orqali to‘ldirish mumkin. Tizim Uzcard, Humo, Visa, Mastercard va boshqa to‘lov kartalarining aloqasiz to‘lov kartalari bo‘yicha ham yo‘lkira haqini to‘lashga imkon beradi.