O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2018−2019-yillar davomida 24 ta oliy ta’lim muassasasini attestatsiyadan o‘tkazdi, deya xabar qildi inspeksiya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ma’lumot uchun: ayni vaqtda mamlakatda 95 ta OTM va ularning filiallari, jumladan bir nechta xususiy OTM hamda 21 ta xorijiy OTMlarning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular qatoridan harbiy va oliy diniy ta’lim muassasalari o‘rin olmagan.

Tahlillarga ko‘ra, 24 ta OTMdan 10 tasi (41,7%) «Attestatsiyadan o‘tdi» deb e’tirof etildi va akkreditatsiyalandi. 13 tasi (54,2%) esa «Attestatsiyadan shartli o‘tdi» deb e’tirof etildi va ularga kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 yil muddat berildi. 1 ta OTM (4,2%) — Buxoro muhandislik-texnologiya instituti attestatsiyadan o‘tmadi.

Ta’lim yo‘nalishlar va magistratura mutaxassisliklari attestatsiyasi natijalariga quyidagi ko‘rinish oldi. 426 ta ta’lim yo‘nalishlaridan 288 tasi (67,6%) o‘tdi, 138 tasi (32,4%) — o‘tmadi. 282 ta magistrlik mutaxassislaridan 242 tasi (85,8%) attestatsiya qilindi, 40 tasi (14,2%) o‘tmadi. 186 ta OTMdan keyingi mutaxassislikdan 132 tasi (71%) o‘tdi, 54 tasi (29%) o‘tmadi.

Davlat inspeksiyasi joriy yilning sentyabr oyida 22 ta OTM va 5 ta ilmiy tadqiqot muassasalarining attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari hamda ixtisosliklarini qayta attestatsiyadan o‘tkazdi. Qayta attestatsiya natijasiga ko‘ra 40 ta ta’lim yo‘nalishidan 17 tasi (42,5%), 17 ta magistratura mutaxassisligidan 4 tasi (23,5%) o‘tmadi. Ular bo‘yicha qabullar to‘xtatildi.

OTMlar va ilmiy-tadqiqot institutlari attestatsiyasi jadvaliga ko‘ra, 2020 yilda davlat komissiyasi 30 ta oliy ta’lim va ilmiy muassasalarni attestatsiyadan o‘tkazishi lozim.