Huquqni muhofaza qilish organlari Moskvada ommaviy mushtlashgan 15 kishini qo‘lga oldi. Ularning 10 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Hozirda dastlabki tergov amalga oshirilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi matbuot xizmati elchixona konsullik xizmati ma’lumotlariga tayangan holda.

Nizo futbol musobaqasida qoidalar buzilishi natijasida kelib chiqqan. Jabrlanuvchilar yo‘q, ayni paytda dastlabki tergov amalga oshirilmoqda.

Novosti axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun Markaziy ma’muriy okrugda Yefremova ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholidan jamoat tartibi buzilgani haqidagi xabar kelib tushadi. Huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasining aniqlik kiritishicha, jamoat tartibini «Jilinik»davlat byudjet muassasasi qorovullari bo‘lgan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonliklar buzgan.

Xamovniki tuman politsiyasi patrul-post xizmati xodimlari 18 dan 49 yoshgacha bo‘lgan 17 erkakni qo‘lga olgan. Ularga nisbatan mayda bezorilik uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzilgan, deya qayd etdi Novosti axborot agentligi.