O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov olti oydan so‘ng asosiy foiz stavkasi (qayta moliyalash stavkasi) pasayishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u seshanba kuni pul-kredit siyosatining 2020−2022 yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari hamda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritish mexanizmini tubdan o‘zgartiradi. Asosiy foiz stavkasi va foizlar koridori joriy qilinadi, pul bozorida doimiy operatsiyalarni amalga oshirish yo‘li bilan pulning haqiqiy narxini belgilaydi, inflyatsiyaning joriy va prognoz ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib asosiy foiz stavka darajasi yilda kamida 8 marta (hozirda yiliga 4 marta) Markaziy bank Boshqaruvi yig‘ilishlarida muhokama qilinadi.

Mamarizo Nurmuratov qayta moliyalash stavkasi har doim o‘sgani va hech qachon pasaymaganini tan oldi. Oxirgi marta u 2018 yil 25 sentyabr kuni 14 foizdan 16 foizga o‘sdi. Biroq 2020 yildan MB inflyatsion targetlashga o‘tadi va inflyatsiya 2021 yilda 10 foiz, 2023 yilda 5 foiz darajasida ushlab turiladi. Bu stavkalarning tushishiga xizmat qilishi lozim.

«Aytish lozimki, bizda hech qachon, jumladan oxirgi ikki yilda qayta moliyalash stavkasi pasaymagan. Xudo xohlasa yo‘l xaritasida tasdiqlangan vazifalar amalga oshirilsa, o‘ylaymanki, olti oydan keyin asosiy foiz stavkasi pasayadi. Demak, bu albatta, kreditlar va depozitlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi MB rahbari.

Inflatsion targetlashda va 5 foizlik inflyatsiya bo‘yicha doimiy targetga erishishda Markaziy bank va jamoatchilik o‘rtasidagi o‘zaro ishonch juda muhim rol o‘ynaydi, dedi u.

«O‘zaro ishonch, bu — bizning maqsadlarga erishish bo‘yicha o‘z harakatlarimiz bilan sizning ishonchingizni qo‘lga kiritish va uni mustahkamlashimizni anglatadi», — dedi Mamarizo Nurmuratov.