Tatariston (Rossiya) prezidenti Rustam Minnixanov amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi. Samarqand xalqaro aeroportida uni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kutib oldi, deya xabar berdi tatar respublikasi rahbari matbuot xizmati.Rustam Minnixanov yetib kelishi bilan O‘zbekiston tatarlar jamiyati vakillari bilan uchrashuvga yo‘l oldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda taxminan 300 ming nafarga yaqin tatarlar istiqomat qilishmoqda, ular mamlakat aholisining 1 foizga yaqinini tashkil etadi. Eng ko‘p tatar diasporalari Toshkent va Samarqand viloyatlarida yashamoqda.

Ertaga, 26 noyabr kuni Tatariston prezidentining Samarqandda «KamAZ» yuk mashinalarini yig‘ish bo‘yicha yangi liniyaning ochilish marosimida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Kunning ikkinchi yarmida Rustam Minnixanov va unga hamrohlik qilayotganlar Toshkentga yo‘l oladi. Ular poytaxtda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikalari zavodi faoliyati bilan tanishib, 2017 yilda ochilgan «Novыy vek» («TNV») teleradiokompaniyasi muxbirlik punktiga tashrif buyuradi.

Bundan tashqari, Rustam Minnixanov «Tatariston — O‘zbekiston» ishbilarmonlik forumi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyev bilan amaliy uchrashuv o‘tkazadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Abdulla Aripov bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda. Uchrashuvlar doirasida Tatariston va O‘zbekiston korxonalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi qator hujjatlar imzolanadi.