Adliya vazirligi matbuot xizmati 2019 yil 1 dekabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlarni yana bir bor esga oldi.

Ular quyidagilar:

1. Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatidagi dorilar ayrim dorixonalardagina sotiladi

2019 yil 1 dekabrdan boshlab kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dorilar faqat ijtimoiy dorixonalar hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish faoliyati bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar tomonidan sotiladi.

2. IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘ladi

O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

3. Faoliyatning litsenziyalanadigan turi bittaga ko‘payadi

Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrashga doir faoliyat uchun litsenziya olish talab etiladi.

4. Grant mablag‘larini jalb qilishda qatnashgan xodimlar rag‘batlantiriladi

2019 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • xorijiy davlatlar va tashkilotlar donorlar delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashriflarini va ularning rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha so‘rovlarni Tashqi ishlar vazirligiga oldindan yuborish muddati 30 ish kunidan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
  • grant oluvchilar tomonidan bank hisobvaraqlaridan ko‘chirmalarni, shuningdek, texnik ko‘mak mablag‘lari to‘g‘risida axborot va idoraviy hisobotni Moliya vazirligining G‘aznachiligiga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
  • grant oluvchilar har chorakda olingan va o‘zlashtirilgan grantlar hamda amalga oshirilayotgan tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etadi;
  • davlat organlari rahbarlari grant mablag‘larini jalb qilishda bevosita qatnashgan xodimlarni mehnatga haq to‘lash minimal miqdorining 15 baravarigacha bir yo‘la mukofotlash tarzidagi rag‘batlantirishga haqli bo‘ladi.

5. Farmatsevtik inspeksiya o‘tkazish bo‘yicha nizom kuchga kiradi

Zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiqlik yuzasidan inspeksiyalar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi.

6. Energetika menejmenti tizimi joriy etiladi

Ayrim korxona va tashkilotlarda energetika menejmenti tizimi xalqaro standartga (ISO 50001) muvofiq bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Mazkur tizimda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • energiya iste’moli samaradorligini baholashning shaffofligi va xolisligi, korxonalarning energiya sarfi hajmini pasaytirish, shuningdek, atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirish;
  • resurslarni, birinchi navbatda moliyaviy mablag‘larni minimal darajada sarflab energiya iste’molini boshqarish samaradorligiga erishish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulot, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish.

7. Traktorchi-mashinist guvohnomasining yangi namunasi beriladi

2019 yil 1 dekabrdan Toshkent shahrida, 2020 yil 1 martdan butun respublikada traktorchi-mashinist guvohnomasining, texnik pasport va texnik guvohnomaning yangi namunalari beriladi.

8. Trenerlar har 5 yilda attestatsiyadan o‘tkaziladi

Respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari bazasida har 5 yilda attestatsiyadan o‘tkaziladi.