O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan 19 noyabr kuni IIV Qorovul qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni general-mayor Dmitriy Panga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi .

Qayd etilishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning o‘z hokimiyat yoki xizmat mavqeini suiiste’mol qilishi, hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqishi, shuningdek hokimiyat harakatsizligi Qurolli Kuchlarning manfaatlariga, harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ko‘p miqdorda yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

23 noyabr kuni Dmitriy Pan Jinoyat kodeksining ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Toshkent harbiy sudining ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida “qamoqqa olish” qo‘llanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekiston ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev va boshqa bir qator mas’ul xodimlar lavozimidan ozod qilingani haqida xabar berilgan edi.