Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi giyohvand moddalar sotiladigan saytga eltuvchi QR-kodli bannerga buyurtma bergan shaxsni aniqladi. Banner Yashnobod tumaniga o‘rnatilgan, jurnalistlar tomonidan unga diqqat qaratilganidan so‘ng olib tashlagan edi.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, Yashnobod tumani hududiga bannerni joylashtirish bo‘yicha buyurtmani 48 yoshli Sh. Sh. qabul qilib olgan va o‘rnatgan. Buyurtmachi esa tashqi reklamalarni tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi firma rahbari hisoblangan Samarqand viloyatida yashovchi 29 yoshli S. X. bo‘lib chiqdi.

S. X. xuddi shunday bannerni Samarqand hududiga ham joylashtirgan. U ham demontaj qilindi.

S. X. buyurtmani internet orqali Rossiyadagi blogerdan olgani, pulni bank kartasiga o‘tkazib berishganini ma’lum qilgan. U blogerdan banner dizaynini bosishga tayyor holda qabul qilib olgan.

Sh. Sh. va S. X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178−1-moddasi 2-qismida (fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik, xuddi shuningdek reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik) ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzildi.

Shu kabi bannerlar mamlakatning boshqa hududlariga ham o‘rnatilishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar boshqa viloyatlardagi ichki ishlar boshqarmalariga yuborildi.