«Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» hukumat qarori 2019 yilning 20 noyabrida qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga ko‘ra, prezidentning 5 ta muhim tashabbusi doirasida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish tizimi yanada takomillashtiriladi.

Shunga ko‘ra, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
2019 yilda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
2019 yilda Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va o‘z mablag‘lari hisobidan tadbirkorligini tashkil etadigan xotin-qizlarning tuman (shahar) kesimidagi asosiy parametrlari.

Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, joriy yilda hududiy investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirish orqali jami 88 ming 294 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitalarining tavsiyanomasi asosida 3 ming 112 nafar xotin-qizlarga 85 mlrd 500 mln so‘mlik kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan.

«Milliy qadriyat, an’ana va urf-odat» respublika hunarmand xotin-qizlarining ko‘rgazmasi tashkil etiladi.