29 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi O‘zA.

Sammit kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Tomonlar, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

Markaziy Osiyo davlatlarining Maslahat uchrashuvini doimiy ravishda o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbus O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2017 yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Birinchi sammit o‘tgan yilning mart oyida Nur-Sultonda (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etadi (birinchi uchrashuvda u qatnashmagan). Shu maqsadda Gurbanguli Berdimuhamedov 28−29 noyabr kunlari O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘ladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollarini muhokama qiladilar hamda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilishining borishini ko‘rib chiqadilar.