Ertaga Toshkentda ilk bor MMA bo‘yicha GFC 20 turniri bo‘lib o‘tadi. Turnir oldidan «Forumlar saroyi»da matbuot anjumani
bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Olamsport xabar berdi.

Tadbirni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov ochib berdi. U O‘zbekistonda MMAga alohida e’tibor bo‘lishini qayd etdi.

Anjumanda Habib Nurmagomedov, uning otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov va boshqalar ishtirok etishdi.

-MMA hamjamiyati O‘zbekistonga nigoh qaratdi. Habibning kelishi ham e’tiborni kuchaytirdi. Kelajakda ham yurtimizda shunday yirik turnirlar o‘tkaziladimi?

-Men yana bir bor GFC 20 turnirini Toshkentda o‘tkazishga rozi bo‘lganliklari uchun rahmat aytaman. Bu boshlanishi. Kelajakda dunyo miqyosida o‘zbek sportchilarini ko‘tarilishi uchun, tajribali insonlar bilan birga rivojlantirmoqchimiz. Kelajakda yurtimizda, har bir viloyatlarda yig‘inlar o‘tkazish, jahon miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Bundan keyin ham katta musobaqalarni Toshkentda va boshqa viloyatlarda o‘tkazishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Habibga savol: O‘z janglaringizdan birini «Humo Arena»da o‘tkazgan bo‘larmidingiz?

— «Humo Arena» UFC o‘tkazish uchun mos keladi. Masalan, Moskvada 11 ming kishi sig‘adigan SSKA Arenada o‘tkazdik. «Humo» esa jahon saviyasidagi arena va unga 12 ming odam sig‘adi. U yerda bemalol yirik musobaqalarni o‘tkazsa bo‘ladi. Agar UFC jangni shu yerda tashkil etsa, men albatta shu yerda jang qilaman. Agar kelajakda O‘zbekiston MMA federatsiyasi bu borada UFC bilan kelisha olsa, men jon-jon deb bu yerda jang qilgan bo‘lardim. Dog‘istonda bunday saviyadagi arena yo‘q. Shuning uchun, «Humo»da jang qilishga qarshi emasman.

TASS muxbiri: Siz nafaqat GFC, balki boshqa promoushenlar bilan ishlash niyatingiz bormi?

Otabek Umarov: Biz yurtimizga boshqa yulduzlarni ham taklif qilmoqchimiz. Ular nafaqat faxriy mehmon, balki jang qilish uchun ham O‘zbekistonga kelishadi. Biz martabali insonlarga taklifnoma jo‘natganmiz. Ko‘pchilik vaqtiga qarab yurtimizga tashrif buyurdi. Mamlakatimizga shuningdek Roy Jons va Jeff Monson ham tashrif buyurgan.