Toshkentning Yashnobod tumanidagi Ohangaron shoh ko‘chasiga giyohvand moddalar sotiladigan saytga eltadigan QR-kodli reklama banneri o‘rnatilgani aniqlandi. Bu haqda jurnalist Muhammadsharif Mamatqulov e’tibor qaratib, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildi.Foto: Muhammadsharif Mamatqulov.

«Gazeta.uz» QR-kodni sinab ko‘rganida, u haqiqatdan ham .ru domenidagi stimulyatorlar, eyforetiklar, giyohvand moddalar aralashmalari va kannabinoidlar sotiladigan saytga eltishi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, bannerda Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi tanlov haqida xabar qilinadi. Tanlov tashkilotchilari sahifasi ayni vaqtda o‘chirilgan.

Muhammadsharif Mamatqulov ichki ishlar organlari xodimlariga tayanib shaharda bir nechta xuddi shunday bannerlar o‘rnatilganini xabar qildi.

Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi «Gazeta.uz»ga vaziyat nazorat ostiga olingani, zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham vaziyat o‘rganilayotganini qayd etdi.

Keyinroq IIBB matbuot xizmati jurnalistlarning murojaati zarur choralar ko‘rilishi uchun IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasining giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘limiga taqdim etilganini ma’lum qildi. Banner esa olib tashlanib, banner buyurtmachisining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda. Reklama beruvchi tomonidan banner qasddan yoki xatolik orqali o‘rnatilgani aniqlanadi.

Shu kunlarda Qozog‘istonda ham ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bir necha shahardagi ko‘chalarda giyohvand moddalar sotiladigan saytlarga eltuvchi QR-kodli bannerlarni aniqladi. Kun davomida sakkizta shunday banner olib tashlandi, deya xabar qildi Qozog‘iston IIV.

Payshanba kuni Qirg‘iziston OAVlari ham Bishkekda giyohvand moddalar reklamasi bo‘lgan banner haqidagi xabarlarni e’lon qildi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib shahar meriyasi banner olib tashlangani haqida xabar berdi.