O‘zbekistonda bir million mahalliy dasturchini tayyorlash bo‘yicha One Million Uzbek Coders loyihasi ishga tushirildi. Dasturni ishga tushirish marosimi 21 noyabr kuni Toshkentdagi Inxa universitetida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi OTM matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov, BAA hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad Abdulla al Gergavi, BAA sun’iy intellekt vaziri Omar bin Sulton al-Olama va boshqalar ishtirok etdi.

Abdulla Aripov inson resurslari, bu zamonaviy O‘zbekistonning eng asosiy boyligi ekan, aholining 60 foizidan ziyodi 29 yoshdan kichik ekanini ta’kidladi.

«One Million Uzbek Coders loyihasining amalga oshirilishi aholining keng qatlamlarini AKT sohasidagi yangi kasblarini o‘zlashtirishga jalb qilish, yoshlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan kishilarni ishga joylashtirishga imkon beradi», — dedi hukumat rahbari.

One Million Uzbek Coders qanday loyiha?

One Million Uzbek Coders, bu — 2017 yilda BAAda ishga tushirilgan One Million Arab Coders loyihaning analogi hisoblanadi. Avvalroq taqdimoti o‘tkazilgan loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Dubai Future Foundation jamg‘armasi, Toshkentdagi Inha universiteti, IT-akademiyalar, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT-maktab bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Loyiha raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarning yangi avlodlarini tayyorlash maqsadida UzbekCoders.uz maxsus portali orqali aholining keng qatlamlarini dasturlashni masofadan o‘qitishni nazarda tutadi.

Loyihaning birinchi bosqichida o‘zbek tilida global mehnat bozoridagi to‘rtta eng talabgir mutaxassislik — Data Analysis, Android Programming, Full-Stack Development va Frontend Development qamrab olinadi. Umumiy kurs 120 soatni tashkil etadi. Har bir daraja yakunlarida laboratoriya ishlari amalga oshirilib, tegishli sertifikatlar beriladi.

Kurslarning eng yaxshi bitiruvchilari grantlarni qo‘lga kiritib, Udacity xususiy ta’lim tashkilotining 100 dan ziyod Nanodegree dasturlaridan biri bo‘yicha o‘qishni davom ettirishi mumkin. Buning uchun imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, eng yuqori ball to‘plagan 150 talabadan biriga aylanish lozim.