O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tadi. Bu haqda prezidentning 19 noyabrdagi farmonida so‘z boradi. Inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Inflyatsion targetlash, bu — davlat idoralari tomonidan mamlakatda inflyatsiyani nazorat qilish uchun ko‘radigan monetar chora-tadbirlar majmuidir. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozni belgilanishi, so‘ngra prognozdan chetga chiqqan taqdirda — iqtisodiyotdagi maqbul holatga qaytishga imkon beruvchi chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilishi kerak.

Quyidagilar O‘zbekiston Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari etib belgilandi:

  • inflyatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish;
  • pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflyatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qo‘llash;
  • pul-kredit siyosati sohasida ob’ektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish;
  • pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.

Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankka inflyatsion targetlash rejimiga to‘liq o‘tish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish vazifasi topshirildi. Xususan:

  • muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish;
  • raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning to‘laqonli bozorlarini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish;
  • monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga o‘tishga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
  • jamg‘armalarni investitsiyalarga transformatsiya qilish uchun moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish maqsadida bank tizimi hamda moliya bozorlarini isloh etish, shuningdek, moliyaviy oqimlarni uzoq muddatli rejalashtirish uchun imkoniyat yaratish.

Markaziy bankka quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyatsion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi:

  • 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
  • 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
  • bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
  • 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;
  • ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyatsion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;
  • inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekiston milliy valyutasiga ishonchni oshirish uchun inflyatsiyaning 5 foizlik past darajasiga erishish lozimligini qayd etib o‘tdi.