O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti Samarqand viloyati Bulung‘ur tuman IIBda so‘roqqa chaqirilgan erkakning o‘limi haqidagi xabarlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini e’lon qildi.

57 yoshli Nasriddin Jabborovning 16 noyabr kuni IIBga chaqirilganidan bir necha soat o‘tib vafot etgani haqida «Ozodlik» radiosi xabar qilgan edi. Maqolada marhumning qarindoshlariga tayanib uning qiynoqlardan vafot etgani qayd etilgan. Shuningdek, u birinchi marta tezkor tadbirda jalb etilmagani xabar qilingan.

Tergov departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 16 noyabr kuni fuqaro Nasriddin Jabborov tuman IIB boshlig‘i nomiga, «O» ismli shaxs «marixuana» giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish bilan shug‘ullanayotgani, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.

Ushbu kuni soat 13:30 larda Bulung‘ur tuman IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.R. 150 ming so‘m evaziga N.Jabborovga vazni 3,71 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasini sotgan vaqtida ushlanib, yonidan vazni 0,78 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi va tadbirda ishlatilgan 150 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.R.ga nisbatan ayblov e’lon qilingan va «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Dastlabki tergov davomida N.Jabborov tergovga olib kelinmagan va jinoyat ishi yuzasidan so‘roq qilinmaganligi aniqlangan.

16 noyabr kuni soat 16:10 larda N.Jabborov Bulung‘ur tumani IIB JQB xizmat xonasida birlamchi xujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida sog‘lig‘i yomonlashib, qon bosimi ko‘tarilishi va yurak xuruji bilan Tez tibbiy yordam mashinasida Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga olib borilgan hamda shu yerda vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.

Sud tibbiy ekspertizasining ma’lumotiga ko‘ra, N.Jabborovning tanasida tan jarohatlari aniqlanmagan. Dastlabki sud tibbiy tashxisi — o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, koronarokardioskleroz, yurakning ishimik kasalligi ekanligi aniqlangan.

Hozirda N.Jabborovning vafot etganligi holati yuzasidan Bulung‘ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va tegishli ekspertiza tayinlangan.