20 noyabr kuni soat 03:28da Samarqand viloyati Nurobod tumani Oqsoy MFYdan kesib o‘tuvchi M-39 avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan «Temur GAZ» MCHJga tegishli avtomobillar turargohida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati.

Voqea joyiga 5 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yuborilgan. Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga soat 03:58 da yetib borgan vaqtida (eng yaqin yong‘in-qutqaruv qismigacha masofa 30 km) 5 ta suyultirilgan gaz tashuvchi avtotsisterna, 1 ta ekskavator va 1 ta samosval yuk avtomobili yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harkatlar natijasida yong‘in soat 04.20da qurshab olinib, soat 06.26 da to‘liq bartraf etilgan.

Hodisa vaqtida 1 nafar fuqaro kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yuborilgan. Yong‘in oqibatida 3 ta «MAN» rusumli gaz tashuvchi avtotsisterna, 1 ta ZIL-130 rusumli gaz tashuvchi avtotsisterna va 1 ta yuk tashuvchi avtomobil (samosval) hamda «HYUNDAI» rusumli ekskavator yonib zararlangan. Shuningdek, «DAF» rusumli gaz tashuvchi avtotsisternaning 6 ta orqa shinalari yongan.

Yong‘indan «DAF» rusumli gaz tashuvchi yuk avtomobilning avtotsisterna va salon qismi hamda 1 ta «MAN» rusumli avtotsisternasidagi suyultirilgan gaz, shuningdek avtoturargoh atrofida joylashgan savdo do‘koni, oshxona va yordamchi xo‘jalik binolarining 800 kv.metr maydoni saqlanib qolingan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.