«Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident qarori loyihasi muhokamalar uchun e’lon qilindi. Hujjat O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqildi.

Hujjatda 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati kiritilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining lavozimlari va tarkibiy bo‘linmalarining nomlanishiga oid yagona talablarni belgilash taklif qilinmoqda. Ular ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat, ijod va san’at sohasidagi davlat tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

2020 yil 1 iyuldan boshlab adliya organi va sud hokimiyati xodimlari, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari, shuningdek, davlat soliq xizmati maxsus unvonlarni (martaba darajalari) berish tartibini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

2020 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Adliya vazirligida qo‘yidagi to‘lovlarni nazarda tutuvchi davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash tizimini joriy etish:

  • Davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq Davlat byudjeti hisobidan to‘lanadigan bazaviy lavozim maoshi;
  • Davlat xizmatchilarining maoshiga malaka darajalari uchun qo‘shimcha to‘lovlar miqdoriga muvofiq Davlat byudjeti hisobidan to‘lanadigan malaka darajasi uchun qo‘shimcha to‘lovlar;
  • ish beruvchi tomonidan belgilanadigan, tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan, lekin bazaviy lavozim maoshining 200 foizigacha bo‘lgan shaxsiy ustamalar. Davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash tizimining joriy etilishi natijalari tahlili asosida ushbu tizim davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik tatbiq etiladigan barcha davlat organlarida joriy etiladi.

Tajriba tariqasida, bittadan adliya vazirining o‘rinbosari, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari va innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari lavozimlariga tanlov asosida tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasida davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik tatbiq etiladigan barcha davlat organlari ro‘yxati tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan. Ular milliy, respublika, hududiy va tuman darajalariga bo‘linadi.

Davlat fuqarolik xizmatiga ilk bor ishga kiruvchilarning qasamyod qabul qilishi kutilmoqda.

Hujjat muhokamasi 1 dekabrga qadar davom etadi.