Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda berilgan videolavha Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasining 2019 yil 18 noyabrdagi 173-sonli buyrug‘i bilan tezkor ishchi guruhi tuzilib, bugungi kunda Sharof Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xizmat tekshiruvi ishlari olib borilmoqda.

Yukorida ta’kidlab o‘tilgan maktabning 8-«V» sinf rahbari 2019 yilning 22 oktyabr kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan 4 nafar sinf o‘quvchilari sababsiz darsga qatnashmasdan ko‘chada yurganligini aniqlagan. Shundan so‘ng, sinf rahbari tomonidan o‘quvchilarni mashinasida ko‘chadan olib kelgan hamda sinfga olib kirib pedagoglarga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar bilan jazolagan.

Maktabning 8-«V» sinf o‘quvchilarning 2019−2020 o‘quv yili 1-choragi davomati o‘rganilganda, sinf rahbari tomonidan jazolangan o‘quvchilar muntazam ravishda dars mashg‘ulotlariga kechikib kelishlari va sababsiz dars qoldirishlari ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan videolavha bo‘yicha maktab jamoasi, ota-onalar qo‘mitasi, kuzatuv kengashi a’zolari hamda o‘qituvchilar bilan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

Ushbu holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limi hamda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.