2019 yil 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qo‘mitalarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining «Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2019 yil 9 oylik ijrosi to‘g‘risida"gi hisoboti ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Moliya vazirining o‘rinbosari A.Haydarovning axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish hisobiga mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, Prezident va Hukumat tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat byudjeti ijrosining ustuvor yo‘nalishlari bo‘ldi. Bunda aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish kabi tadbirlarni moliyalashtirish byudjet parametrlarida belgilangan yo‘nalishlar doirasida o‘z vaqtida amalga oshirildi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti qariyb 361,8 trln. so‘mni tashkil etgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 5,7 foizga o‘sdi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 107,1 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 105,2 foizni tashkil qildi.

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 31 mlrd. 645,8 mln. AQSH dollarini tashkil etdi (37,2 foiz).

2019 yil 9 oyligida Davlat byudjeti daromadlari 79 trln. 159,5 mlrd. so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46.2 foizga o‘sdi hamda belgilangan 73 trln. 220,0 mlrd. so‘m reja 5 trln. 939,5 mlrd. so‘mga ortig‘i bilan (108,1 foiz) bajarildi. O‘z navbatida, Davlat byudjeti daromadlarining Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,9 foizga yetdi.

Davlat byudjetining o‘tgan 9 oyligi yakuni bo‘yicha xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 86 trln. 482,4 mlrd. so‘mni (aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 99,0 foiz) yoki YAIM ga nisbatan 23,9 foizni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining qariyb

53,2 foizi, ya’ni 45 trln. 970,9 mlrd. so‘mi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflandi.

Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini (52,6 foiz) tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 24 trln. 193,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlari (nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari)ga 3 trln. 451,5 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 10 trln. 568,8 mlrd. so‘mni (yoki ijtimoiy xarajatlarga ajratilgan mablag‘larning 23,0 foizini) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60,9 foizga o‘sish qayd etilganini ko‘rsatadi.

Deputatlar ko‘zda tutilgan har bir vazifa va topshiriqning o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan holda, bu borada ijro mas’uliyatini yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.

O‘z navbatida, tadbirda Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2019 yilning 9 oyi davomida hukumat topshiriqlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlariga asosan, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarda byudjet to‘g‘risida qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan bir qator moliyaviy nazorat tadbirlari o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Qizg‘in savol-javob ruhida kechgan tadbir yakunida deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi hamda ushbu masala yuzasidan qo‘mitalar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.