Kun.uz nashri Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan suhbatning nisbatan to‘liq audioyozuvini e’lon qildi. Bir necha kun muqaddam e’lon qilingan audiyozuvdagi jurnalistlarga qarata aytilgan tahdidlar turli parchalarning birlashtirilgani bo‘lib chiqdi.

Hodisa tarixi haqida qisqacha

16 noyabr kuni bir qator internet-nashrlar (Qalampir.uz, Kun.uz va boshqalar) ijtimoiy tarmoqlarga tayangan holda Toshkent hokimining jurnalistlarni haqoratlagani va ularga tahdid qilgani aks etgan audioyozuvni e’lon qildi.

17 noyabr kuni Kun.uz tahdidlar uning jurnalistlariga qaratilgani, bu suhbat Olmazor tumanining sobiq hokim o‘rinbosari Abdurasul Vahobov bilan bog‘liq mojarodan bir kun keyin bo‘lib o‘tgani hamda poytaxt hokimi vaziyatni muhokama qilish uchun muxbirlar Rahmatulla Isroilov, Sherzod Egamberdiyev va Bahodir Ahmedovni taklif etganini ma’lum qildi.

Xuddi shu kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev Abdurasul Vahobov va Kun.uz jurnalistlarini yarashtirib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Biroq tomonlar murosaga kelmaydi va uchrashuv tahdidlardan iborat «tarbiyaviy soat»ga aylanadi.

Tahririyat hokim bilan uchrashuv vaqtidagi audioyozuvni Vahobov va Kun.uz o‘rtasidagi nizoli vaziyat qasd olishga aylanib ketmasligi hamda shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgan edi.

16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shu voqeaga oid audioyozuv tarqalishiga esa tahririyatning aloqasi yo‘q, deya ma’lum qildi nashr. Shu bilan birga, Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlari yozib olingan to‘liq formatdagi audioyozuvlar mavjud ekani, belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilishi mumkinligi aytildi.

18 noyabrda Kun.uz Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan murosaga kelgani haqida xabar qildi. Nashr «faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini» xohlamagani uchun ushbu masalani muhokama qilishni so‘radi.

«Nisbatan to‘liq yozuv»

19 noyabrda esa Kun.uz xolislik nuqtai nazaridan hokim bilan o‘sha uchrashuv haqida nisbatan to‘liq kartina hosil bo‘lishi uchun davomiyligi 14,5 daqiqa bo‘lgan audioyozuvni e’lon qildi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z so‘zini bugungi kun jurnalistlarini tanqid qilish bilan boshlagan.

«Bizning davrimizda bitta narsaga ishonardik, hamma ergashardi, ishonardi. Bitta ish bo‘lardi, yo‘l qurilgan, Farg‘ona kanali qurilgan, katta-katta ishlar bo‘lgan. Majburiy mehnat, hashar. Bu qadriyatimiz-ku bizning. Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi bular.

Qadriyatni yo‘qotdik-ku. Qadriyatni yo‘qotdik-ku? Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi. Qani endi hashar? Qani? Itam dumi bilan tozalab o‘tiradi eshigini tegini. Endi ko‘chasi tugul, uyining oldini tozalata olmayapmiz-ku bolam?

Qadriyatimizni yo‘qotdik-ku! Kim qildi buni? Siz qildingiz. U yerga borib mikrofon tutadi, majburiy mehnat deb, bu maktabga boradi…

O‘zimizning maktabimizda qorni o‘zimiz kurardik-ku, partani kraskalardik, eshikni kraskalardik, qabristonni tozalardik. Qani bular? Kim qildi buni? O‘zimizning ichimizdagi o‘zbek, itning bollari qildi. Qadriyatni bilmagan.

Ertaga, aytyapman-ku, xuddi Amerikaga o‘xshab, Angliyaga o‘xshab «dada, meni urishmang, haqqingiz yo‘q» deydi. Qiladi shu ketishda bo‘lsa…

Dinda yozib qo‘yilgan, birovning qayg‘usining ustidan pul ishlash, foyda topish haqida nima deyilgan… Mana, siz bilasiz, to‘g‘rimi, bu ma’naviyat…

Yo‘q bu narsa yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin, ertaga dushman kelsa. xalq bilan hukumatni ayirib qo‘ydi.

Dilfuzayam ko‘p marta aytgan, matbuot bilan yaxshi bo‘lishimiz kerak, deb. Bir yaxshi bo‘lasan, ikki yaxshi bo‘lasan, uch yaxshi bo‘lasan.

Man bitta gapni aytay. Bir hafta oldin mani zavodimda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ***dan olib ***ga soladi. Monopol, «Artel» dabdala, deb!

Bir haftadan keyin o‘n ming dollar bersang, o‘sha mahsulotni maqtab chiqadi-da, reklama asosida deydi!

O‘zi ular kim? Ular uchiga chiqqan maxluqlar!

Bir hafta oldin yomonlab turib, bir haftadan keyin pul evaziga o‘sha mahsulotni yaxshilaydi.

Kim o‘z ular? Onaning bolasimi bular yo itning bolasimi?! Raz prinsipingda tursang, tur oxirigacha. Tur. Men pulga sotilmayman, mahsulotingni yomon, yomonligini tan olaman, mahsulotingni omayman de.

Prinsip yo‘q, iflos, bedolaga! (qashshoq). Bugun odam deb turganini ertaga odammas deydi. Vot qadriyat.

Mana ayb qatta. Man nimadan qo‘rqaman. Manam hamma qatori odamman. Man xalqqa nima yomonlik qildim? Biz ishladik xolos, to‘g‘risini aytaman, it kunida ishladik.

Bittasi yozadi, ishchilarni 12 soat ishlatyapti deb, bittasi yozadi ovqat bermayapti ekan deb. Uch ming odam Rossiyadan keldi, oilasi bilan shu yerda yashab ishlayapti. Uch ming odam qaytib keldi Rossiyadan. Hech kim buni yozmaydi. Faqat negativ. Sensatsiya.

Bu bolaning (Abdurasul Vahobov) qorayib kuyib ketganini ko‘rdingizmi? Ertalab oltida chiqib ketib, kechasi o‘n ikkida keladi uyiga. Qirq uch daraja issiqda, qirq besh daraja issiqda ko‘chada yurganini ko‘rdingizmi? Ko‘rmadinglar.

Bu bola menga hech kim emas. To‘g‘risi. Oti Abdulazizmi, Abdurasulmi, bugun bildim. Menga hech kim emas. Yarim soat gaplashib jonim achidi.

Muammolar ko‘p. Qayerga ketyapmiz? Nima qilyapmiz? Tushunib yetmayapman. Nimaning ishtirokchisimiz?

Mayli yigitlar, hayotda hamma narsa bor. Vaqtincha narsalar bor. Ashulachilar bor, bir ashula aytadi, keyin vaqti o‘tadi. Lekin Sherali klassika. Uning ashulasi o‘lmaydi. To‘g‘rimi?

Lekin biz oshirib yubordik erkinlik tegdi deb. Istalgan ashulamizni aytib tashadik. Mana turkcha kinolar ko‘payib ketuvdi, kamaytirishdi. To‘g‘ri qilishdi. Chunki haddidan oshib ketuvdi telekanallar. To‘g‘rimi? Haddidan oshib ketuvdi.

Biz nimaning ishtirokchisimiz bugun. Ishlarimiz asoslimi? O‘n yildan keyin o‘zimizni qayerda ko‘ramiz? Biz bo‘lamizmi, bo‘mimizmi? Xalq bizni qabul qiladimi, yo‘qmi? Biz bugun qo‘yayotgan fundament o‘n yildan keyin bo‘ladimi? Kim biz o‘zi? Xalqqa, millatga foydamiz tegyaptimi yo‘qmi?

To‘g‘risi, hokimlar yura olmay qoldi. Kesin, manga, bir yarim yildan beri ishlayman, bir so‘m pora oganini isbot qilib bersin, bir so‘m harom yeganini isbot qilib bersin, men otamning bolasi emasman. Otam qanday mashhur odam bo‘lgan, shaharning zabardast odami bo‘lgan, Toshkentni so‘ragan odamlardan bo‘lgan.

Bilmayman. O‘sha bolaga rahmim keldi. Qalbim og‘ridi…

Yozinglar, istaganlaringcha. Hech kim oldinglarni to‘sayotgani yo‘q. Lekin har bir odam Xudoning oldida o‘zi javob beradi.

Menga qiziq, shuncha tadbirkorning muammosi turib, bitta o‘shaning ishi bilan borilgan. Nima bor bu yerda, manfaat bormi? Shaxsiy manfaat bor. Bilmasam.

Bir tomonlama o‘rganasizlar. Ikkinchi tomonni o‘rganmaysilar. Hokimiyat hududida kamera ko‘tarib yurish mumkinmi? Qo‘lingda hujjating yo‘q, formang yo‘q. Masalan, sening uyingga kamera bilan bora olamanmi, ukam? Qanaqa reaksiya bo‘ladi? Xafa bo‘lasanmi? Bore, kamerangni yo‘qot deysan, to‘g‘rimi?

Hujjat ko‘rsatmagansizlar. Etikada oldin ruxsat so‘raladimi? Kameraga olamiz deb. Ruxsatsiz kameraga olishga haqqing bormi?

Bitta narsaga kelishamiz, erkakcha gaplashamiz, maylimi? Bu ishni qonun doirasida hal qilamiz. Xalqni aralashtirmaymiz, saytga chiqarmaymiz. Ikki tomonning harakati o‘rganiladi. Qonun, sud nima desa shu bo‘ladi. Bunga ayb qo‘yilsa shu jazoni beramiz. San aybdor bo‘lsang shu jazo. Faqat xalqni aralashtirmaymiz. Sud bilan hal qilamiz. Rozimisan. Hech qayerda yozmaysan. Agar shu gap orada qoladigan bo‘lsa. Oxirigacha oboramiz. Alloh oldida so‘z beraman, sudga tayziq o‘tkazmayman.

Barchasi qonun bo‘yicha. Agar bu aybdor bo‘lsa buni haydayman. Sanda ayb bo‘lsa bundan keyin jurnalistlik qilmaysan. Jarimani to‘laysan, chiqasan o‘yindan. Noprofessionallik uchun. Ikkinchi jurnalistlik qilmayman deb aytasan xohlasang, aytmasangam mayli. Rozimisan shunga. Qo‘lni uz. Tashqarida xalq aralashmaydi.

Men jurnalistikani bugun ashula aytib, ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan ahvolda ko‘rishni xohlamayman. Jiddiy kompaniyalar bo‘lishini, jahonga chiqishini, o‘zbekdan chiqishini xohlayman. Orzum shu.

Men professional jurnalistlarni qattiq hurmat qilaman. Professionallarni. Masalan, Poznerni eshitib maza qilaman. U professional.

Lekin men yengil-yelpi materiallar bilan buni (hokim o‘rinbosari) bervormayman. Shunchaki berib yubormayman. O‘z xodimimni osonlik bilan xafa qildirib qo‘ymayman.

Men shunday qilishim mumkinki, sizlardan mahalla voz kechadi. Bu qo‘limdan keladi. Shunday qilishim mumkinki, ota-onang bosh ko‘tarib yurolmay qoladi.

Men buni qilishim mumkin. Nima, menga sizlarni gey deb e’lon qilish qiyinmi? Bu juda oson. Oson. So‘z erkinligi!

Men olti soniya ichida sizlarni ichida gey o‘tirgan taksiga o‘tqazaman, bo‘ldi! Sizlarni fotosuratga olishadi va gey deb e’lon qilishadi. Texnologiya!

Lekin men bunday ifloslik qilmayman. Ota-onam meni bunga o‘rgatmagan.

Men buni qila olaman. Olti sekundda. Tashkillashtira olaman. Lekin men unday odam emasman. Tushuntira oldimmi?!

Shuning uchun, bizga tosh otishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar. Yaxshisi biz bilan ishlanglar. Odamlarda bizga nisbatan nafrat ishlatishdan ko‘ra, qandaydir muammo tug‘ilsa, bizga bu muammoni yechishda yordam beringlar", degan shahar hokimi.