O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarosi D. Yu.ga bir guruh yoshlarning hujum qilganini tasdiqladi, deya xabar qildi mamlakat TIV matbuot xizmati. Jabrlanuvchi hozirda shifoxonada.

RF Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 11 noyabr kuni kechasi Krasnogvardeyskoye tumanida «Post Kovalevo» temir yo‘l stansiyasi yaqinida sodir bo‘lgan. O‘smirlar ekstremistik maqsadlarda 38 yoshli D. Yu.ga hujum qilib, uning yuziga ballonchadagi moddadan sepib, so‘ngra shafqatsizlik bilan kaltaklashgan.

Gumondorlar erkakka eng kamida beshta pichoq bilan jarohat yetkazgan, oyoqlari bilan boshi va tanasiga ko‘p sonli zarbalar bergan. Hujum qilganlar, shuningdek, jabrlanuvchining mobil telefoni va 8000 rublga yaqin pulini ham o‘g‘irlashgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari gumondorlarni qo‘lga oldi — ular Leningrad viloyatida istiqomat qiluvchi uch nafar o‘smi (2000, 2001 va 2003 y. t.) bo‘lib chiqdi. Ularga nisbatan RF Jinoyat kodeksining 162-moddasi 4-qismi (jabrlanuvchining salomatligiga og‘ir zarar yetkazishga olib kelgan bosqinchilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi, deya qayd etdi TIV.