Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «A.U.G.» MCHJ ta’sischisi Sh. O. va rahbari I.F. oldindan biriktirib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni kredit va lizing shartnomalari asosida olib berish haqida fuqarolarni aldab, ishonchini suiiste’mol qilib, 61 nafar fuqaroning 1,2 mlrd. so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

Shuningdek, tekshiruvda Sh. O. va I.F. faoliyati davomida, Sh. O.ning turmush o‘rtog‘ining nomiga «Lasetti», «Cobalt», «Nexia-3», «Spark» va «Damas» rusumli jami 13 ta avtomashinalarni xarid qilib, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarini legallashtirganliklari fosh etilgan.

Mazkur holat yuzasidan «A.U.G.» MCHJ ta’sischisi Sh. O. va rahbari I.F.larga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.