JCH-2022 saralashi doirasida 19 noyabr kuni «Paxtakor» markaziy stadionida o‘tkaziladigan O‘zbekiston — Falastin uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov va yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov qatnashdi. Bu haqda Olamsport xabar berdi.

«Qanchalik muhim o‘yin ekanligini hamma bilib turibdi. O‘z maydonimizda g‘alaba qozonishimiz shart. Juda mas’uliyatli o‘yin. Ertaga g‘alaba qozonish va keyingi yilgi uchta bahsga xotirjam tayyorgarlik ko‘rish kerak. Bizda keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat bor. Shu bois oxirigacha kurashamiz», — deydi Abramov.

Xabaringiz bor, MTJ bundan oldingi o‘yinda Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ydi. Abramov ushbu mag‘lubiyat haqida savolga javob berdi.

«Mantiqsiz gollar o‘tkazdik. Dunyodagi istalgan jamoa ko‘p hujum qilsa himoyada bo‘sh zonalar paydo bo‘ladi. Bu futbol. To‘g‘ri bunday bo‘lmasligiga harakat qilamiz. Falastin oddiy va effektiv futbol o‘ynaydi. Baland bo‘yli himoyachiga to‘p uzatiladi va hujum boshlanadi. Raqibga qarshi qanday o‘ynash kerakligini tushuntirayapmiz.

Bu futbolchilar professional. Maydonga tushib g‘alaba qozonish kerak, muxlislarga quvonch bag‘ishlashlari lozim. Falastinga birinchi o‘yinda yutqazgandik, shu bois qarzni qaytarish kerak", dedi MTJ bosh murabbiyi.

Abramov shuningdek futbolchilarning salomatligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Krimets shamollab qoldi va afsuski Falastin bilan o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Uni Falastinga qarshi o‘yinda maydonga tushirmoqchi edik. Raqib safida bo‘ydor hujumchi bor. Endi buni o‘ylab ko‘ramiz».

Jurnalistlar shuningdek Odil Ahmedovni ikkinchi taymda maydonga tushirish va Suyunovdan tajribaliroq darvozabon topish bo‘yicha ham murojaat qildilar.

«Odil Ahmedovga kelsak, o‘z vaqtida Shatskixni ko‘p tanqid qilishardi. Nimaga bilasizmi? Sababi terma jamoa yutqazsa eng birinchi yetakchilar tanqid qilinadi. Masalan, Argentina yutqazsa Messini tanqid qilib tashlashadi. Eldorbek Suyunov ayni paytda terma jamoaning birinchi raqamli posboni. Kelinglar bu siklni tugatib olaylik. U hali darvozabonlar uchun yoshi ancha yosh. Kimni taklif qilasiz? Botirali Ergashev? O‘tkir Yusupov? Hozir ancha darvozabonlarni sanashingiz mumkin, keyingi safar boshqa darvozabonlarni chaqirsak yana boshqa 3−4 nafar futbolchini taklif qilasizlar», — dedi Abramov.

Vadim Abramov shuningdek asli o‘zbekistonlik bo‘lmagan, ammo ayni paytda milliy chepionatda o‘ynayotgan futbolchilarni mahalliylashtirgan holda, terma jamoaga taklif qilish borasida ham fikr bildirdi.

«Bilasizmi, butun dunyoda shunday qilishmoqda. Men terma jamoamizga haqiqatdan ham yordam bera oladigan futbolchilarni mahalliylashtirishga ijobiy qarayman. Masalan, «Navbahor»da himoyachi Igor Golban va «Paxtakor»da Dragan Cheran», — dedi u.

Matbuot anjumani videosi