Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yakshanba kuni shahar ma’muriyati rahbarining Kun.uz jurnalistlariga tahdid qilgani aks etgan audioyozuv paydo bo‘lganidan keyin vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilish uchun sayt tahririyati xodimlari bilan uchrashdi.

Nashrning xabar qilishicha, muloqot davomida shahar hokimligi va sayt tahririyatiga taalluqli, yuzaga kelgan muammoli masalalar muhokama qilindi.

«Shuni rasman ma’lum qilmoqchimizki, mazkur muloqot yakuniga ko‘ra sayt jamoasi va poytaxt hokimligi rahbariyati o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topdi. Tomonlar bir-birini tushunib, o‘zaro murosaga keldi. Sayt tahririyati hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topadi», — deya qayd etdi Kun.uz.

Nashr, shuningdek, hamkasb-jurnalistlar va blogerlarga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Ayni vaqtda Kun.uz bu masalani ortiq muhokama qilmasligini so‘radi: «Zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yulida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni tarqalgan audioyozuvda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlarni haqorat qilgan va ularga jismoniy zarar yetkazish bilan tahdid qilgan. Partiyalar, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, bloggerlar va jurnalistlar vaziyatga munosabat bildirdi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi audioyozuvni o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Yakshanba kuni Kun.uz hokimning tahdidlari nashr jurnalistlariga qaratilgani, bu gaplar sayt jurnalistlari bilan Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov o‘rtasidagi mojarodan ertasi kuni (15 avgust) aytilganini xabar qildi. Shuningdek, sayt audioyozuvning to‘liq talqini tahririyatda mavjud ekani va uni Bosh prokuraturani o‘rganish uchun taqdim etishga tayyorligini bildirdi.