Jizzax viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli «Forish» tog‘ poligonida besh kun davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy xizmatchilari hamkorligida tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha amaliy va taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki kuni tashkillashtirilgan yig‘ilishda Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi bo‘limi boshlig‘i mayor Zokir Yallakayev hamkorlikda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar dasturi va ularda qo‘llaniladigan yangi anjomlardan foydalanish qoidalari bilan tanishtirdi.

Xalqaro mashg‘ulotlarning navbatdagi jarayonlari Forish tog‘larining tik qoyalari va oddiy sharoitda o‘tish qiyin bo‘lgan daralaridagi amaliy hamda taktik mashqlar ostida kechdi.

Harbiy xizmatchilar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tog‘ sharoitida qutqaruv ishlari, jangovar qurollar bilan qoyaga ko‘tarilish va tushish, tungi sharoitda nishonlarga aniq o‘q otish, shartli dushman guruhini qurshovga olish va yo‘q qilish kabi turli vazifalarni bajarishdi.