Transport vositalari haydovchilarining to‘sqinliksiz harakat qilish huquqidan foydalanadigan transport vositalarining o‘tib ketishiga xalaqit bergani uchun jarima miqdorini eng kam ish haqining 5 dan 10 barobarigacha oshirish taklif qilinmoqda. O‘zbekiston IIV Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−5- moddasiga tuzatishlar kiritishni taklif qildi.

Yo‘l harakati qoidalarining 21-bandiga muvofiq, yalt-yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va qizil rangli chiroq-mayoqchasi va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa, bu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.

So‘nggi vaqtlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi haydovchilarning tez yordam mashinalariga yo‘l bermasligi sababli tibbiyot xodimlari bemorlar oldiga kechikib borayotgani masalasini bir necha marta ko‘tarib chiqdi. SSV haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga va tez yordam xizmatiga yo‘l berishga undagan.

Toshkent IIBB haydovchilar tez yordam mashinalari sirenasini eshitganlarida o‘zlarini qanday tutishlari kerakligi bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Unda rivojlangan mamlakatlardagi kabi haydovchilar «qutqaruv yo‘lagi»ni ochishlari haqida so‘z boradi.

«Gazeta.uz» fikricha, jarimalarning ko‘payishi vaziyatni darhol o‘zgartirishga olib kelmaydi. O‘zbekistonda mashinalar favqulodda xizmatlar mashinalarini o‘tkazib yuborish bo‘yicha yakdil fikr shakllanmagani sababli SSV tilga olgan muammo ko‘zga tashlanmoqda.

Bu masalani hal qilish uchun birinchi navbatda IIV, FVV, SSV va boshqa manfaatdor tomonlar xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda favqulodda xizmatlar mashinalarini o‘tkazib yuborishning yagona tamoyillarini ishlab chiqish, jumladan, ko‘cha va yo‘llarni to‘g‘ri loyihalashtirish bo‘yicha kelishib olishi, oddiy haydovchilarni ham, (sirenani yoqmaydigan yoki uni chorrahaga kelgandagina yoqib oladigan) maxsus transport vositalari haydovchilarini ham o‘qitish bo‘yicha keng miqyosli kampaniyani boshlashi lozim.

Germaniyada tez yordam mashinasining o‘tishi uchun yo‘lak hosil qilish to‘g‘risidagi ta’limiy rolikdan namuna (tarjimasiz ham tushunarli):