O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi bilan audioyozuvda jurnalistlarga tahdid qilinishi yuzasidan bayonot berdi.

«Bosh prokuratura tomonidan Internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda», — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Bayonotda qayd etilishicha, o‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi.

Shuningdek, Toshkent hokimligi matbuot xizmati ham poytaxt hokimi ovozi bilan tarqalgan audioyozuv yuzasidan dastlabki bayonotini e’lon qildi.

«Hozirda ushbu masalaga oydinlik kiritish va har tomonlama o‘rganish maqsadida mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan», — deyiladi bayonotida. Toshkent ma’muriyati ham o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda ovozi va so‘zlash uslubi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevnikiga o‘xshash shaxs jurnalistlarga nisbatan haqoratli so‘zlarni qo‘llab, ruscha-o‘zbekcha aralashtirgan holda, jumladan, shunday deydi: «Bir hafta oldin mani zavodimda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni …dan olib …ga soladi. Monopol, „Artel“ dabdala, deb! Bir haftadan keyin o‘n ming dollar bersang, o‘sha mahsulotni maqtab chiqadi-da, reklama asosida deydi! Oni kto voobe? Oni tvari posledniye! Onaning bolasimi bular yo itning bolasimi?! Prinsip yo‘q, iflos, bedolaga!Petuxlar kelyapti mana bu yoqdan, hammayoqdan kelib, o‘zicha hammani isnodga qo‘yadi».

So‘ngra jurnalistlardan butun mahalla voz kechtirish, ota-onasini bosh ko‘tara olmaydigan holga tushirish, jurnalistni gey sifatida ayblash uning uchun oson ekani, buni «shes sekundda» bajarishini aytadi.

«Ikki-uch kun bittang besabab uydan chiqib ketlaring, yo‘qolib qollaring… Uch kun! Besabab bittang uydan chiqib ketlaring! Vы xotite etogo? Uch kun yo‘q bo‘lib qolsa, hamma jim-jit! O‘-o‘-o‘, san tirikmisan, hech kim xabar olmaydi, aytib qo‘yay, sani! U yer — bu yerda yozishadi, bir haftadan keyin unutishadi. Bo‘ldi! Qayerdadir cho‘kib o‘lyapti-da cho‘milayotganda deyishadi. I vsyo. Hayot shunaqa!» — deydi u.

Bunday bo‘lmasligi uchun esa jurnalistlarni o‘zi bilan ishlashga chaqirib, biror muammo chiqsa yordam berishini aytadi.