O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Qirg‘izistonga meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirilishiga qo‘shni davlatning Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi tomonidan taqiq qo‘yilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

14 noyabr kuni tarqalgan xabarlarda O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib kirilayotgan anor mahsulotida Sharq mevaxo‘ri — Grapholita Molesta hasharoti aniqlanganligi ta’kidlangan. Ayrim manbalarda mazkur hasharot «virus» sifatida нотўғриномланgaн.«Do‘stlik» chegara nazorat punktida 12 noyabr kuni O‘zbekistondan 35 tonna nok, behi, no‘xat va ziravor mahsulotlar fitosanitar sertifikatsiz va maxsus etiketkalarsiz yuklanganligi bois to‘xtatib qolinganligi ma’lum qilingan.

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, «Do‘stlik» punktidan o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinishi davom ettirilyapti va hech qanday yukning orqaga qaytarilish holatlari qayd etilmagan.

«Shu kunga qadar hech bir holat yuzasidan Qirg‘iziston karantin xizmati tomonidan asoslantirilgan rasmiy notifikatsiyalar (bildirishnomalar) kelib tushmagan», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, 15 noyabr kuni «O‘zdavkarantin»ga Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligidan O‘zbekistondan eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 356 ta holatda fitosanitar sertifikatlarsiz olib kirishga urinish sodir etilganligi, bunday xatti-harakatlarning 10 foizida mahsulotlarda zararli organizmlar aniqlanganligi haqida xat kelib tushgan. Xatda, shuningdek, bu kabi holatlarga qarshi birgalikda kurashilishiga va ikki davlat karantin xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchaytirilishiga umid bildirilgan.

«O‘zdavkarantin» mazkur masala yuzasidan javob xati yo‘llagan bo‘lib, unda inspeksiya yuqoridagi kabi holatlarga qarshi hamkorlikda kurashishga tayyor ekanligi qayd etilgan hamda qirg‘iz tomonidan ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan asoslangan dalillar va ma’lumotlar tezkorlikda yuborilishi so‘ralgan.