O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda «Milliy tiklanish» partiyasi, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ovozi bilan jurnalistlarning haqoratlagani va ularga tahdid qilingani yuzasidan bayonot berdi. Quyida bayonotlarni to‘liq holda e’lon qilamiz.

AOKA matbuot xizmati bayonoti

Oxirgi soatlarda ko‘plab yurtdoshlarimiz, jurnalist va blogerlarimiz internetda tarqalgan, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv yuzasidan izoh berishimizni so‘rab murojaat qilishmoqda.

Shuni ma’lum qilamanki, biz vaziyatdan xabardormiz va bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda. To‘plangan barcha ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Bosh prokuraturaga murojaat xati yuboriladi va ularning xulosalari asosida muayayn to‘xtamga kelinadi.

Ishonamizki, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan mazkur davlat organlari tomonidan ushbu masalaga munosib huquqiy baho beriladi.

Jurnalist va blogerlarimizdan vaziyatga huquqiy baho berilgunga qadar hissiyotlarga berilmaslik, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz.

Ta’kidlashni istar edimki, kim tomonidan ekanidan qat’i nazar, to‘rtinchi hokimiyat — jurnalistlar haqida aytilgan bunday fikrlar o‘ta yoqimsiz holat va bunga jim qarab turish mumkin emas. Bu — davlat siyosati va jamiyatda o‘rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir.

Biz o‘z pozitsiyamizda qat’iymiz — yurtimizdagi barcha jurnalist va blogerlar Agentligimiz himoyasida. Ularning huquqlari buzilgani o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, albatta tegishli choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston XDP bayonotiJорий yil 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar va internet OAVda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan, jurnalist va blogerlar sha’niga o‘ta keskin fikrlar bildirilgan, sharmanda qilish, hatto jismonan yo‘q qilish bilan tahdid qilingan audioyozuv keng tarqaldi. Bu holat mamlakatimizdagi barcha OAV vakillari, blogerlar va keng jamoatchilikning qattiq munosabati va tanqidiga sabab bo‘ldi.

Davlatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zudlik bilan ushbu audioyozuv bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib borishi, voqea qachon, qayerda, kimlar bilan sodir bo‘lganini aniqlanishi hamda qonunda belgilangan tartibda boshqa choralarni ko‘rishi zarur.

Audioyozuvdagi holat haqiqatda ro‘y bergan bo‘lsa, demokratik islohotlarning eng muhim sharti — so‘z va fikr erkinligiga, jurnalistlarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish, «menga hamma narsa mumkin», deb o‘ylash, avvalo, xalq va davlatni mensimaslik, deb baholanishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi kasbi, faoliyat turi, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir insonning ustuvor huquqlari to‘liq kafolatlanishi va amalda ta’minlanishi zarur, deb hisoblaydi. Mutasaddi idoralardan tez orada aniq va rasmiy ma’lumotlarni kutadi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovning bayonotiToshkent shahar hokimi J.Ortiqho‘jayev ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan audioyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagunicha, ushbu masalada fikr bildirishni to‘g‘ri deb hisoblamaymiz.

Mavzu bo‘yicha birinchi bo‘lib izoh yoki bayonot berish J.Ortiqho‘jayev va xabar muallifiga tegishlidir.

Shu o‘rinda jamiyat axborot iste’mol madaniyatining piramida shaklidagi uchta darajasi haqida aytib o‘tmoqchiman:

  • Birinchi, eng quyi va eng ko‘p qatlam — axborotni eshitadi va shundayligicha iste’mol qiladi;
  • Ikkinchi, o‘rta-o‘zgaruvchan, kamayishga moyil qatlam — axborotni eshitadi, o‘zini darajasida tahlil qiladi, munosabat bildirmaydi;
  • Uchinchi, eng kam, jamiyatni siyosiy tafakkurini ko‘rsatadigan qatlam — axborotni eshitadi, tekshirib-tahlil qiladi va munosabat bildiradi.

Jamiyatning mafkuraviy va siyosiy immunitet darajasi uchinchi qatlamning darajasiga tengdir.

Avvalroq «Adolat» partiyasi Toshkent hokimi so‘zlari yuzasidan bayonot bergan edi.