«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ovozi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevnikiga o‘xshagan erkakning jurnalistlarga tahdid qilgani aks etgan audioyozuv yuzasidan izoh berdi.Foto: «Adolat»

«Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan jurnalistlar haqidagi haqoratli so‘zlari va tahdidi „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi tomonidan inson huquqlari va uning sha’ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblaydi», — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, keyingi uch yilda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, jumladan, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarga e’tibor o‘zgardi. Chunonchi, mamlakatda so‘z erkinligi qo‘llab-quvvatlanyapti, sohaning chinakam «to‘rtinchi hokimiyat» darajasiga ko‘tarilishiga erishilmoqda. OAVni rag‘batlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni pallada ayrim rahbarlarning, xususan, ijro hokimiyati mutasaddilarining ushbu kasb vakillariga nisbatan bunday munosabati kishini jiddiy o‘ylantiradi.

«Nega ba’zi mansabdorlar o‘z faoliyatida OAVga suyanishning o‘rniga bepisandlik bilan yondashmoqda? Nima sababdan avvalgi ba’zi mutasaddilarning «hurmacha» qiliqlaridan poytaxt hokimi J.Ortiqxo‘jayev to‘g‘ri saboq chiqarmadi? Hokimning og‘zidan yangragan so‘zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og‘ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin? «- deya savol berdi partiya.

«Adolat» partiyasi ushbu holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolishini ma’lum qildi.

«Shuningdek, jurnalist va blogerlarni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlanishidagi hissasini hamda jamiyatimizda adolatni o‘rnatishdagi faolligini e’tirof etgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rilishini so‘raymiz», — deyiladi bayonotda.

Tarqalgan audioyozuvda ovozi va so‘zlash uslubi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevnikiga o‘xshash shaxs jurnalistlarga nisbatan haqoratli so‘zlarni qo‘llab, ruscha-o‘zbekcha aralashtirgan holda, jumladan, shunday deydi: «Bir hafta oldin mani zavodimda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni …dan olib …ga soladi. Monopol, „Artel“ dabdala, deb! Bir haftadan keyin o‘n ming dollar bersang, o‘sha mahsulotni maqtab chiqadi-da, reklama asosida deydi! Oni kto voobe? Oni tvari posledniye! Onaning bolasimi bular yo itning bolasimi?! Prinsip yo‘q, iflos, bedolaga!Petuxlar kelyapti mana bu yoqdan, hammayoqdan kelib, o‘zicha hammani isnodga qo‘yadi».

So‘ngra jurnalistlardan butun mahalla voz kechtirish, ota-onasini bosh ko‘tara olmaydigan holga tushirish, jurnalistni gey sifatida ayblash uning uchun oson ekani, buni «shes sekundda» bajarishini aytadi.

«Ikki-uch kun bittang besabab uydan chiqib ketlaring, yo‘qolib qollaring… Uch kun! Besabab bittang uydan chiqib ketlaring! Vы xotite etogo? Uch kun yo‘q bo‘lib qolsa, hamma jim-jit! O‘-o‘-o‘, san tirikmisan, hech kim xabar olmaydi, aytib qo‘yay, sani! U yer — bu yerda yozishadi, bir haftadan keyin unutishadi. Bo‘ldi! Qayerdadir cho‘kib o‘lyapti-da cho‘milayotganda deyishadi. I vsyo. Hayot shunaqa!» — deydi u.

Bunday bo‘lmasligi uchun esa jurnalistlarni o‘zi bilan ishlashga chaqirib, biror muammo chiqsa yordam berishini aytadi.