O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Qashqadaryoda bir oilada 7 kishi pomidor-bodring konservasidan zaharlandi» mazmunidagi xabar bo‘yicha bayonot berdi.

Viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 14 noyabr kuni soat 09:00 larda Chiroqchi tumani Langar MFY Tutli qishlog‘ida yashovchi 7 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Bemorlarga ovqatdan zaharlanish — «Botulizmga gumon» tashxisi qo‘yilgan. Ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uch nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga, to‘rt nafari esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, bemorlarning deyarli barchasi bir oila vakillari: oila boshlig‘i 38 yoshli N.H., uning turmush o‘rtog‘i 37 yoshli Yu.U., farzandlari 13 yoshli A.T., 9 yoshli egizaklar H.T. va F.T., 5 yoshli T.T. hamda jiyani 5 yoshli L.T.lardir.

Epidemologik surishtiruv davomida va bemorlarning bir haftalik taomnomasi o‘rganilganida quyidagilar aniqlandi.

Bemorlar 13 noyabr kuni kechki payt soat 17.00 da N.H.ning xonadonida osh bilan uch litrli shisha bankada uy sharoitida tayyorlangan pomidor konserva mahsulotini iste’mol qilgan. Ertasi kuni ertalab soat 8.30 larda ularning barchasida ko‘ngil aynishi, holsizlanish, qayt qilish kabi kasallik alomatlari paydo bo‘lgan. So‘ng bemorlar shu kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida davolanayotgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga «Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi» tashxisi qo‘yilgan. Ularning ahvoli jiddiy. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan qolgan bemorlarning ahvoli esa qoniqarli. Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bemorning xonadoni o‘rganilganda uy sharoitida tayyorlangan turli hajmdagi 13 dona konserva mahsuloti tegishli tartibda iste’moldan olinib, yo‘q qilingan.

Hozirda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan hudud aholisi o‘rtasida botulizm kasalligining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilayapti. Xonadonlarda uy sharoitida tayyorlangan, iste’molga yaroqsizligi aniqlangan konserva mahsulotlarini yo‘q qilish choralari ko‘rilayapti.