O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva 15 noyabr kuni poytaxtdagi velotrek bazasi ochilishida ishtirok etdi, deya xabar qildi Senat matbuot xizmati.
Kapital ta’mirdan chiqarilgan inshootning ochilishi velotrek bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlanishiga to‘g‘ri keldi.

«Bunday majmua poytaxtdan tashqari Namangan viloyatida ham barpo etilgan. Yaqin orada Samarqand viloyatida ham zamonaviy velotrek o‘quv-mashg‘ulotlar markazini qurish ishlari boshlanadi. Umuman, biz kelgusida barcha viloyatlarimizda mana shunday majmualarni barpo etish hamda yurtimizdan ko‘plab Osiyo va jahon chempionati g‘oliblari, Olimpiya o‘yinlari chempionlarini yetishtirib chiqarmoqchimiz», — dedi Tanzila Norboyeva

Marosimda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi mas’ul xodimi Shavkat Sultonov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori — elchi Jon Makgregor va kuni kecha MOQga tashrif buyurgan angliyalik mutaxassis Peter Bonfild ham ishtirok etdi.

Marosim doirasida Tokiodagi 2020 yilgi Olimpiada o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan Murodjon Xolmurodov taqdirlandi. Unga 100 mln so‘m, murabbiyiga esa 50 mln so‘m topshirildi. Avvalroq Olga Zabelinskaya ham xuddi shu sport turidan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.