O‘zbekistonda iste’mol xususiyatini yo‘qotgan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ular uchun tirkamalarga yig‘im solinadi. «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va «Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritildi, deya xabar qildi Norma.uz.

Utilizatsiya to‘lovi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitni chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.

Utilizatsiya yig‘imining miqdori, turlari va toifalari keyinroq belgilanadi, deyiladi hujjatda.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, yuridik shaxslarning O‘zbekistonga avtomobillarni olib kirish hajmi yiliga o‘rtacha 17,5 ming donani tashkil etadi. Transport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar yiliga taxminan 1,560 ming tonnani tashkil etadi.

Qo‘mita mamlakatda ko‘plab avtotransport korxonalarida, xususiy sektorda, shuningdek yo‘l chetlari, aholi mavzelarida va boshqa yerlardan qarovsiz nosoz mashinalar ko‘p yillar davomida foydalanilmasdan qolishiga ham e’tibor qaratdi. Natijada ular ikkilamchi qayta ishlash uchun yaroqsiz holga kelib qoladi.

Bundan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi texnik nosoz avtomobillardan foydalanish muammosini ham tilga olib o‘tdi. Masalan, 2018 yilda 2,8 mln dona transport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilganda 1 mln donaga yaqini majburiy xavfsizlik talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. 24818 donasi kelgusida foydalanishga yaroqsizligi sababli ro‘yxatdan chiqarildi.

Norma.uz xabariga ko‘ra, tuzatishlar 2020 yil 16 fevraldan kuchga kiradi.