O‘zbekiston 2023 yilgacha kamida 20 ta yirik davlat kompaniyasini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15 noyabr kuni «Kapital bozorining O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov ma’lum qildi.

Kapital bozori agentligi direktorining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda davlat kompaniyalarining eng yirik xususiylashtirish dasturi tayyorlanmoqda.

«Sarmoyalar bozorining rivojlanishiga turtki berish uchun biz Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda aktivlarni imkon qadar tezroq xususiylashtirishni rejalashtirmoqdamiz. Birinchi bosqichda kamida 20 ta eng yirik davlat kompaniyalari xususiylashtiriladi», — dedi u.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatulla Bekenov davlat kompaniyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) savdolarini o‘tkazish amaliyotini kengaytirish orqali kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlarga ko‘ra, davlat korxonalarini boshqarish va xususiylashtirish strategiyasi qabul qilinadi, unda korxonalarning davlatga egalik huquqini saqlab qolish hamda ularni ichki va tashqi bozorda raqobatlasha oladigan samarali korxonalarga aylantirish mezonlari ko‘zda tutilgan.

2023 yilga kelib dividendlardan davlat byudjetiga tushadigan daromadlarni ikki baravar oshirish, kamida 20 ta davlat kompaniyalari IPO va SPO o‘tkazish, davlat korxonalari sonini 50% ga qisqartirish va kamida 50 ta davlat kompaniyalarining obligatsiyalarini chiqarish rejalashtirilgan.

10 ta yirik davlat korxonalarining IPO hisob-kitoblariga ko‘ra, bozorda kapitallashuvi 13 milliard dollarga teng yangi kompaniyalar paydo bo‘ladi va erkin muomaladagi aksiyalar soni 1,3 milliard dollarga ko‘payadi.