Asadjon Ozodbekovich Xo‘jayev O‘zbekiston Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqdagi Hukumat qarori 13 noyabr kuni imzolandi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Asadjon Xo‘jayev (1970 yilda tug‘ilgan) — Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (2001 yil) bitiruvchisi. Mutaxassisligi — elektroaloqa muhandisi, iqtisodiyot magistri.

1995−2001 yillarda aloqa vazirligi, Pochta va telekommunikatsiya markaziy apparatida ishlagan, 2001−2003 yillarda «O‘zbekiston pochtasi» Davlat aksionerlik kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2003−2004 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparati yetakchi konsultanti, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va axborot xavfsizligi loyihasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan.

2004−2011 yillarda Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari, 2011−2012 yillarda Intellektual mulk qo‘mitasi bosh direktori, 2012−2017 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yil martidan dekabrigacha davlat maslahatchisi o‘rinbosari — O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi, 2017−2018 yillarda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.

Tayinlovga qadar — 2018 yil avgustidan — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalarni rivjlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi direktori edi.