O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 26 yoshli ayolning besh erkak tomonidan zo‘rlangani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini nazoratga oladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘mita ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilayotganiga e’tibor qaratib, bu holatni faqat ana shu omil bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.

«Unutmasligimiz lozim, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz bo‘lsin, ko‘chada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek hech kim birovning axloqsizligini ro‘kach qilib, uni o‘zboshimcha jazolashga haqqi yo‘q», — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, ma’lum bo‘lishicha, bu ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda ayrim niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.

«Shuning uchun masalaga bunday tor ma’noda yondashish yurtimizda tunda yurish zo‘ravonlik qurboni bo‘lishga sabab bo‘ladi degan mutlaqo noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishiga, natijada mamlakatimizda o‘rnatilgan qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo bo‘lishiga olib keladi. Xulosa bitta — shaxsning erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrar», — deb fikrlaydi qo‘mita.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr kunlaridan birida kechasi taxminan 1:30 atrofida besh erkak (barchasi 30 yoshdan katta) ayol kishini majburan mashinaga o‘tqazib, kimsasiz yerga olib borgan va uni zo‘rlagan. Barcha gumondorlar qo‘lga olingan, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.