Xorazm viloyati psixonevrologik dispanserida bloger va ingliz tili o‘qituvchisi Nafosat Ollashukurovaning majburiy kasalxonaga yotqizilishi uning tanqidiy materiallari bilan bog‘liq emas. Bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz», ekspertlarning fikriga ko‘ra, Nafosat Ollashukurovadagi ruhiy buzilishni stressli vaziyat keltirib chiqargani va uning vaqtinchalik ekani haqida yozgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh psixiatri Levon Ambarsumov har kim bemorning ahvoliga tushib qolishi mumkinligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Kun.uz jurnalisti Jamshid Niyozov tanqidiy materiallar bilan chiqish qiladigan odamga bunday tashxis qo‘yish ehtimoli qanchalik katta ekanligini so‘radi, chunki «tushkun kayfiyat» va «ruhiy buzilish» har qanday odamda aniqlanishi mumkin. U ommaviy axborot vositalari va blogerlarning «SSSRda keng tarqalgan jazolovchi psixiatriya» haqida yozganlarini eslatib o‘tdi.

Komil Allamjonov bu savolni provokatsion deb atadi: «Endi bu shunaqa savolki, kimga so‘z berishniyam bilmayman. Axir bu yerdagilardan kimdir agar tanqid qilsang, ertaga sen ham shu holatga tushasan, demaydi-ku? Aslida holat unaqa emasligini ko‘rib turibsiz-ku?! Keyin tanqidni faqat Nafosat Olloshukurova qilmayapti. Agar tanqid qilgani uchun shifoxonaga yotqizilgan bo‘lganda, siz tanqidlar bo‘yicha chempionsiz. Sizning qilgan tanqidlaringizdan men ham qolmaganman, agentligimiz ham qolmagan, umuman, siz tegmagan soha yo‘q. Lekin mana, binoyiday o‘tiribsiz, yuribsiz, hech kim sizga e’tiroz bildirayotgani yo‘q».

AOKA rahbari agentlik ishlayotganiga qaramay, jamoatchilikda tanqidiy materiallar tufayli kasalxonaga majburan yotqizilishi mumkinligi haqidagi fikr shakllanayotganidan afsusda ekanligini aytdi.
«Lekin agarda sizning fikringiz shunaqa bo‘lsa, O‘zbekistonda sovetlar davridagi narsalar qaytyapti qabilidagi fikrlarni ilgari suradigan bo‘lsangiz, men faqatgina ming afsus deyman. Ming afsus, essiz bizning mehnatimiz, essiz bizning agentlik himoya qiladi deb shuncha o‘tkazayotgan tadbirlarimiz, essiz qonunchilikka kiritayotgan o‘zgarishlarimiz. Bitta holat yo‘qki, biz nazarimizdan, nazoratimizdan chetda qoldirgan bo‘lsak. Nega bizga Prezident administratsiyasi huzuridagi agentlik maqomi berildi? Chunki muammo juda ko‘p. Bosimlar bo‘layotganini bilamiz. Davlat organlari xodimlari tanqidni ko‘tara olmayotgan holatlar bo‘layotganini bilamiz. Buni tan olyapmiz. Mana yaqinda OBSE (YeXHT) elchilari kelgandayam men buni ochiqchasiga aytdim. Agar mening ma’ruzamni eshitgan bo‘lsangiz, sizga qiziq bo‘lgan bo‘lsa, men shu yerda hammasini gapirdim», — dedi Komil Allamjonov.

«Lekin iltimos qilamanki, o‘rtoq Kun.uz muxbiri Jamshidjon, provokatsion savollardan yiroq bo‘ling. Bu haqiqiy provokatsion savol», — deya ta’kidladi AOKA rahbari.