Jahon mamlakatlari yetakchilari oldi olinishi mumkin bo‘lgan onalar o‘limi, gender notengligi va maishiy zo‘ravonlikni 2030-yilga qadar batamom tugatish majburiyatini zimmasiga oldi.O‘zbekiston hukumati ham ushbu majburiyatlarni belgilangan muddatda bajarishga ahd qilgan, deya xabar qildi “Gazeta.uz” muxbiri.

12−14-noyabr kunlari Nayrobi shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Aholi va Rivojlanish anjumani 25 yilligi yig‘ilishi ishtirok etish uchun 100dan ortiq davlatdan 6000 mingga yaqin ishtirokchi Keniya davlatiga yetib kelgan. O‘zbekiston Senatining qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Oybek Usmonov, Senat Xalqaro bo‘limi boshlig‘i Afzal Ortiqov, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Dilovar Qobulova hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari Nayrobi sammitida ishtirok etishmoqda.

“Qohira anjumanida ayollar va qizlarga e’tibor qaratish global rivojlanish kafolatlaridan biri sifatida tan olingandi. Bu yo‘nalishda ko‘p ishlarga qo‘l urildi. Ammo erishilmagan natija va marralar bizni kutmoqda. Tugallanmagan ishlarni yakunlash, kuchli iroda ko‘rsatish vaqti keldi”, dedi UNFPA ijrochi direktori Natalia Kanem sammit ochilish marosimida.

1994-yili 179ta davlat vakillari ayollar salomatligi, gender tengligi va jinsiy savodxonlik, ijtimoiy imkoniyatlardan teng foydalanish kabi masalalarda yagona qarorga kelgandi. Oradan 24 yil o‘tib, jahon mamlakatlari ushbu qarorni siyosiy darajada qo‘llab- quvvatlashga kelishib olgan. Nayrobi sammitida xalqlar ko‘zlangan maqsadga erishish uchun siyosiy iroda va moliyaviy ko‘makni oshirish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

UNFPA ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 25 yilda onalar va bolalar o‘limi sezilarli darajada kamaydi hamda sifatli kontratseptik xizmatlardan foydalanish imkoniyati oshdi. Shunga qaramay, taqdim etilayotgan imkoniyatlar Yer yuzidagi barcha oilalar uchun teng taqsimlanmagan. Har kuni 800 nafarga yaqin homilador ayol va bolalar turli sabablar bilan vafot etmoqda, 232 million ayol homiladorlikning oldini olishga harakat qiladi, ammo zamonaviy kontratseptik xizmatlardan foydalana olmaydi. Ularga ko‘mak berish uchun 68,5 milliard dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. 2030-yilga qadar erishilish kutilayotgan natijalardan biri — qizlarning ta’lim olish davomiyligi saqlash va erta turmush holatlarini kamaytirish. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun 35 milliard dollar talab etiladi.

Sammitning birinchi ishchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi UNFPA ijrochi direktori o‘rinbosari Dereje Vordofe bilan uchrashdi. Delegatsiya rahbari senator Nizomxo‘jayev aholi salomatligi, ijitimoiy rivojlanish va maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini janob Vordofega yetkazdi. Shu bilan birga, UNFPA ijrochi direktori o‘rinbosari Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati, qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va shu kungacha erishilgan natijalarga yuksak baho berdi.