«Adolat» Sotsial-demokratik partiyasi, O‘zLiDeP va «Yuksalish» umummilliy harakati «Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» kompaniyasini rahbar xodimlarni o‘zbek ishchilarini haqoratlagani bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga chaqirdi.

Avvalroq «Ozodlik» radiosi bir necha hafta muqaddam Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi «Jarquduq» gaz tayyorlash majmuasida sodir bo‘lgan hodisa haqida xabar bergan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda «Ozodlik» manbalari «Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» kompaniyasi bosh energetigi Ivan Shilov ekanini ma’lum qilgan shaxsning instruksiyaga rioya qilmagan ishchilarni haqoratlagani tasvirlangan edi. U ishchilarga qarata «qo‘ylar to‘dasi», «Uyingga, qishlog‘ingga ket, x…, b…» kabi so‘zlarni aytgan.

Hodisa jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqardi. «Adolat» partiyasining fikricha, ushbu amaldorning so‘zlari O‘zbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasida ko‘zda tutilgan: «O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi» degan me’yorga zid.

«Videotasvirdan yaqqol ko‘rish mumkinki, rahbar qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlab, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmatsizlik bildirgan», — deyiladi bayonotda.

Partiya shu sababli Jamiyat rahbariyati hamda tegishli davlat organlaridan bu masalaga oydinlik kiritib, qonun ustuvorligini ta’minlashga chaqirdi.

«Adolat» partiyasi videotasvirda gavdalangan holat yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borish, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqqan mansabdor shaxsning jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik masalasini muhokama qilish, natijasi haqida ommaga xabar berish zarurligini qayd etadi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi mas’ul davlat organlarining munosabatini so‘radi.

«Yuksalish» umummilliy harakati mazkur masala yuzasidan munosabat bildirar ekan, qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar, ayniqsa «Lukoyl» kabi yirik kompaniya vakili tomonidan bunday xatti-harakatlarning amalga oshirilishi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holat, deb baholadi.

Boz ustiga O‘zbekistonda tarixan millatlararo totuvlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari juda yaxshi rivojlangan. Bag‘rikenglik o‘zbek xalqining yuksak fazilati hisoblanadi, deyiladi harakat bayonotida.

Shu munosabat bilan, «Yuksalish» umummilliy harakati kompaniya rahbariyatidan kelgusida bunday holatlarga takror yo‘l qo‘ymaslik haqida, shuningdek, mazkur salbiy holat ishtirokchisiga nisbatan ko‘rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berish lozim deb hisoblaydi. Zero, shaxs qadr-qimmati, uning sha’ni daxlsizligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur holatga O‘zLiDeP va XDP partiyalari ham o‘z munosabatini bildirdi.