«Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» MCHJ vakili Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Jarquduq» majmuasi rahbar xodimining o‘zbek ishchilarini haqoratlagani yuzasidan O‘zA muxbiriga qisqacha izoh berdi.

«Kompaniyamizda yuz bergan ushbu hodisadan xabardormiz. Ayni damda bu ish yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari o‘rganilgach, chora ko‘riladi va bu haqda kompaniyamiz bayonot beradi», dedi ism-sharifini sir tutgan matbuot xizmati xodimasi.

«Videolavhada haqoratlanganlar va haqoratlayotgan shaxs ma’lum bo‘lishiga qaramay, nima uchun qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilmoqda», degan savolga esa matbuot xizmati vakilasi quyidagi javobni berdi:

«Videolavhada hammasi aniq, ravshan bo‘lsa-da, xodimimiz uni qay holatda aytganini aniqlashimiz kerak bo‘ladi. Balki, bu atayin uyushtirilgan bo‘lishi mumkin», dedi matbuot xizmati xodimasi.

Yaqin vaqt oralig‘ida ushbu holat yuzasidan «Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» MCHJ ning maxsus bayonoti kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» kompaniyasi bosh energetigi Ivan Shilov ekanini aytilayotgan shaxs instruksiyaga rioya qilmagan ishchilarni haqoratlagani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. U ishchilarga qarata «qo‘ylar to‘dasi», «Uyingga, qishlog‘ingga ket, x…, b…» kabi so‘zlarni aytgan.

Haqoratlarga kerakli chora ko‘rish borasida «Adolat», O‘zLiDeP, XDP partiyalari, «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan ham munosabat bildirildi.