Havaskor boksda -56 kg vaznda ringga chiqqan o‘zbekistonlik Abdulhay Shorahmatov faoliyatini professional boksda davom ettiradi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shorahmatov faoliyatini Angliyada olib boradi va mamlakatning eng mashhur promouterlik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Queensberry Promotions bilan shartnoma imzolaydi. Viza bilan bog‘liq masalalar hal bo‘lgach, Shorahmatov Britaniyaga jo‘nab ketishi kutilmoqda.

Queensberry Promotions kompaniyasini «Angliyadagi Top Rank» deyish mumkin. Kompaniya Bob Arum rahbarlik qiladigan Top Rank bilan uzoq yillik bitimga ega va asosan britaniyalik bokschilarni tarbiyalaydi. Ularning AQSHdagi janglarini Top Rank tashkillashtirib beradi.

Frenk Uorren rahbarlik qiladigan mazkur promouterlik kompaniyasi o‘z vaqtida Nasim Hamid, Rikki Hatton, Frenk Bruno va Jo Kalzage kabi afsonaviy chempionlarni yetishtirib chiqargan.

Hozirgi kunda esa ular Tayson Fyuri, Josh Uorrington, Amir Xan, Billi Jo Sonders, Jo Joys, Zolani Tete, Daniel Dyubua, Nikola Adams, Entoni Yard va Kris Yubenk kabi mashhur bokschilar va chempionlarga promouterlik qilib kelmoqda.

O‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Azizbek Abdug‘ofurov (13−0, 5 KO) ham aynan mana shu promouterlik kompaniyasi bilan so-promoushnlik shartnomasini imzolagan. Unga ko‘ra, kompaniya Azizbek uchun jami 5ta jang tashkil etib beradi. Ularning biri albatta jahon chempionlik kamari uchun kechadi. Hozircha shartnoma bo‘yicha ular Abdug‘ofurovning bitta jangini (so‘nggi jangini) tashkillashtirib berishgan.