Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov shoir Sharofiddin Boltaboyevga yurtni madh etuvchi she’rlari uchun Nexia avtomobilini sovg‘a qildi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati. Topshirish marosimi har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlarining kasb bayrami kuni doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimi tomonidan terimchilarga bo‘layotgan rag‘batni ko‘rib yuragim toshib ketdi. O‘zimiz ham paxtaning ichida o‘sganmiz, bolalikni qo‘msab, ham dam olishni reja qildim. Shu bois paxta terib, paxtakorlarga hormang deyish maqsadida va, o‘zimcha, hokimdan mashina olishni yaxshi niyat qilib, Andijon tomon yo‘lga chiqdim. Farzandlarim „Shanba va yakshanba kunlari biz ham sizga paxta terishda yordam beramiz“, deb meni ruhlantirishdi. Uch kun tumanlarda bo‘lib, paxta terdim. She’rlar o‘qib, paxtakorlar bilan suhbatlar qurdim», — deya shoirning so‘zlarini e’lon qildi Daryo.uz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetti yil avval, Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyatiga hokim bo‘lganida, Mustaqillik bayrami uchun she’r yozib bergan va u qo‘shiq bo‘lgan. Shundan buyon viloyatdagi bayramlar uchun she’rlar yozib keladi.

«Mashina berilishidan uch kun avval viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov meni qabuliga chaqirib, o‘tgan yetti yil ichida Andijonda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida zo‘r qo‘shiq uchun yaxshi she’r yozib berishimni so‘radi», — deydi Sharofiddin Boltaboyev.

Shoir Facebook-sahifasida o‘zining paxta kampaniyasiga bag‘ishlangan she’rlarini e’lon qildi. Qo‘rg‘ontepa tumani hokimiyati ham uning she’ridan ba’zi satrlarni keltirib o‘tdi:

Shaxdi o‘tkir qilichdan,

Shuhrat Qo‘shaqboyevichdan,

«Ravon» olgim kelayapti,

Paxta tergim kelayapti!

Tuman ma’muriyati xabarida qayd etilishicha, Sharofiddin Boltaboyev Andijon viloyati paxta terimi rejasini bajarmaguncha Toshkentga qaytmoqchi emas.

Avvalroq Shuhrat Abdurahmonov turmush o‘rtog‘i bilan to‘rt kun ichida 2,5 tonna paxta tergan Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi ayol Iroda Karimovaga Nexia avtomobili sovg‘a qilgan edi. Unga qadar esa bir kunda 500 kg (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra 300kg) paxta tergan ayolga Spark kalitlarini topshirgan edi.

Internet foydalanuvchilari yangilikka o‘zlarining hazilomuz she’rlari bilan javob qaytardi.