Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvi 29 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi «Kazinform» agentligi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga tayanib.

«Men avvalroq qo‘shnilarimizni maslahat uchrashuviga chaqirgan edim. Bunday uchrashuv Ostonada (hozirgi Nur-Sulton — tahr.) bo‘lib o‘tgandi… Umid qilamanki, bu yil, uchrashuv, belgilanganidek 29 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi», — dedi Nursulton Nazarboyev Nur-Sultonda o‘tkazilgan Astana Club yig‘ilishida.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek, O‘zbekiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar bor.

«Kichik hududlar — ularni ham hamjihatlikda, tinchlikda hal qilish lozim. Yo‘q, baribir to‘qnashuvlar bo‘layapti, odamlar o‘layapti», — dedi u.