O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi Turkiya bojxona xizmatiga soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomani tayyorlashni tezlashtirishni taklif qildi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan 11−12 noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi 2018 yil aprelida tuzilgan Qo‘shma bojxona kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish DBQ raisi Murodjon Azimov va Turkiya savdo vaziri o‘rinbosari — bojxona xizmati rahbari Riza To‘na Turag‘ay ishtirokida o‘tkazildi. Tadbir davomida ikki davlat bojxona xizmatlarining shartnomaviy bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma loyihasi yuzasidan ichki kelishuvga doir zaruriy tartib-taomillarni ham boshlab yuborish lozimligi qayd etildi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

DBQ ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda ikkala mamlakat ishbilarmonlari tomonidan 750 dan ziyod qo‘shma korxona tashkil etildi, o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga ortdi. Jumladan, 2019 yilning o‘tgan 10 oyi yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar aylanmasi hajmi salkam 1,97 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,9% ga ko‘p demakdir.

O‘zbekiston tomoni ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasida tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida dastlabki ma’lumot almashishni tashkil etish bo‘yicha hamda statistika sohasida uslubiy va axborot hamkorlik qilish yuzasidan shartnomalar tuzish tashabbusini ham bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar bojxona sohasida huquqni muhofaza qilish masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha Ishchi guruh uchrashuvini o‘tkazishga, qisqa muddatda 2020−2021 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro harakatlar Rejasini ishlab chiqish, unda asosiy e’tiborni kontrabanda, giyohvandlik vositalari, odam savdosi va boshqa bojxona huquqbuzarliklariga qarshi kurash kabi yo‘nalishlarga qaratishni kelishib oldilar.