O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 noyabr kuni Prezident huzuridagi xorijiy investorlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Kengash Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga va boshqa muhim sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda sifatli investitsiya jarayonlarini tashkil etish maqsadida tashkil etilmoqda.

Yangi tuzilma prezidenti huzuridagi maslahat organi hisoblanib, uning tarkibi O‘zbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining rahbarlari va vakillari, shuningdek, boshqa ishtirokchilar orasidan belgilangan tartibda shakllantiriladi.

Kengash o‘z faoliyatini oraliq va yalpi majlislar shaklida yuritadi. Kengash yalpi majlislari yilda bir marta, oraliq majlislari — yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.

Quyidagilar kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • ilg‘or jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda O‘zbekiston Hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berish;
  • qulay investitsiya muhitini shakllantirishda, mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va hududlarga raqobatbardosh eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish maqsadida sarmoya kiritishlarini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish, shuningdek, investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga va o‘zaro manfaatli savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiya va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta’minlash;
  • investitsiyalarni jalb qilish va investorlarning, shu jumladan, xorijiy investorlarning faolligiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillarni aniqlash va tahlil qilish, respublikada qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini saqlab turishni ta’minlash;
  • davlat organlari, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bilan investitsiya jarayonlariga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan samarali takliflarni ishlab chiqish;
  • eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga, savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini izchil rivojlantirishga, mahalliy tovarlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun qulay sharoitlar yaratishga, samarali transport yo‘laklari, zamonaviy logistika zanjirini shakllantirishga ko‘maklashish;
  • mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini ta’minlashning bosqichma-bosqich choralarini ko‘rish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish jarayonlariga ijobiy xorijiy tajribani joriy etish;
  • O‘zbekistonda investitsiyaviy faoliyatni tartibga solish sohasidagi huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;
  • O‘zbekistonning xalqaro imijini, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish.