O‘zbekiston prezidenti 11 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni imzoladi. Hujjat 12 noyabrda «Xalq so‘zi» gazetasida rasman e’lon qilindi va shu kundan kuchga kirdi.

Markaziy bank matbuot xizmatining xabar qilishicha, qonunning 1995 yilda qabul qilingan tahriridan farqli o‘laroq, yangi tahririni ishlab chiqishda Markaziy bankning iqtisodiyotda narxlar barqarorligi, bank tizimi va to‘lov tizimlari faoliyati barqarorligini ta’minlash zaruriyati hisobga olingan.

Hujjat 11 bob va 72 moddadan iborat.

Qonunning yangi tahriri Xalqaro valyuta jamg‘armasi mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlangan bo‘lib, xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya, Shveysariya, Polsha, Gruziya va boshqa mamlakatlar markaziy banklarining ilg‘or tajribasini o‘zida jamlagan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining tavsiyalariga binoan Markaziy bankning vakolatlari yangilanib, ularning tarkibiga banklar, nobank kredit tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalash tashkilotlari va banklar guruhlarining faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish va nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanish, shuningdek, valyuta, qimmatbaho metallar va bozor instrumentlari qatorini kengaytirgan holda moliya bozorlarida spot va forvard operatsiyalarini amalga oshirish kabi vakolatlar kiritildi.

Markaziy bankning samarali va zamonaviy pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi funksiyalari kengaytirildi va yangilandi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini monitoring, tahlil va prognoz qilish, bank tizimi va pul-kredit ko‘rsatkichlari hamda tashqi sektor statistikasi, shu jumladan, to‘lov balansi, respublikaning xalqaro investitsion pozitsiyasi, tashqi qarzi va oltin-valyuta zaxirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va e’lon qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Markaziy bank Boshqaruvi tarkibi, a’zolari soni va vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda Markaziy bank Boshqaruvi to‘qqiz a’zodan, ya’ni Boshqaruvi Raisi hisoblanuvchi Markaziy bank Raisi, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, shuningdek, ikki nafar mustaqil a’zodan iborat.

Mazkur Qonunga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, shu jumladan, likvidlikni taqdim etish va jalb qilish parametrlari, Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari hamda asosiy foiz stavkasi darajasini belgilaydi va tasdiqlaydi. Shuningdek, majburiy zaxira talablari me’yorlari, ajratiladigan kreditlar bo‘yicha ta’minot turlari ro‘yxati, tizimli muhim banklar uchun prudensial me’yorlar va boshqa vakolatlarni o‘rnatadi.

Qonundagi asosiy yangiliklardan biri — Markaziy bankning jamoatchilik bilan aloqalaridir. Narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda pul-kredit siyosatining ta’sirchanligini kuchaytirish maqsadida Qonun bilan Markaziy bank faoliyati shaffofligini oshirishga qaratilgan faol kommunikatsiya siyosatini yuritish asoslari belgilab berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholi va iqtisodiyot sub’ektlarining Markaziy bankka bo‘lgan ishonchini oshirib, iqtisodiyotda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarni samarali boshqarishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga asoslangan holda, Qonunda erkin shakllanuvchi almashuv kursi rejimi sharoitida ichki valyuta bozoriga intervensiyalarning faqatgina valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish maqsadida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi tahrirdagi Qonunda Markaziy bankning ichki nazorat organi hisoblanuvchi ichki audit xizmatining tashkil etilishi va unga Markaziy bank tarkibiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish vazifasi yuklatilishi, shuningdek, xalqaro audit standartlariga muvofiq audit tashkilotlari tomonidan har yili tashqi audit o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.