Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati 12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalgan videorolik yuzasidan izoh berdi.

Videoda chegarchilar yosh yigitga nisbatan jismoniy kuch ishlatadi: sport kiyimidagi yuziga niqob taqqan kishi yigitning qorni va oyog‘iga bir necha marta urib, so‘ngra uning sochlaridan changallaydi. Unga harbiy libosdagi chegarachi qo‘shiladi va to‘qmoqqa o‘xshash jism bilan uni uradi. Yigitni sochidan changallagan holda kadr ortiga olib ketishadi, undan keyin esa faqat zarba tovushlari va tomonlarning gaplari eshitiladi.

Chegara qo‘shinlari vakilining arizasida ta’kidlanishicha, 10 noyabr kuni taxminan soat 17:00 da videoda tasvirlangan Farg‘ona tumanidagi Xosilot aholi punktida chegarachilar naryadi xizmat vazifasini o‘tagan.

Bu vaqtda hududga Nexia-2 avtomobilida (davlat raqami 40 G 014 KA) Umidjon Saidjonov (videoda ko‘ringan) va Abdurasul Fozilov (kadr ortida qolgan) chegarachilarning to‘xtash to‘g‘risidagi buyrug‘iga bo‘ysunmasdan, katta tezlikda chegara naryadini buzib o‘tishga uringan.

«Oradan biroz vaqt o‘tgach, yuqorida ismi keltirilgan fuqarolar, chegarachilar qarshisida to‘xtab, mojaro keltirib chiqarishga uringan, ularni haqorat qilgan va mahalliy aholini to‘plab harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan. Bu orqali ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 196−1-modda 2-qismini („Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish“) buzgan», — deyiladi DXX CHQ matbuot xizmati xabarida.

Shundan so‘ng fuqarolar chegarachilar naryadining talablariga bo‘ysunmay, noqonuniy harakatlarni bostirish uchun qurol va maxsus vositalardan foydalanishni tartibga soluvchi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida"gi qonunning 43-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunining 44-moddasiga ko‘ra, chegara tartibini buzgan fuqarolar Umidjon Saidjonov va Abdurasul Fozilov jismoniy kuch ishlatilgan holda ushlangan.

Qo‘lga olingandan keyin ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, shuningdek, avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar yo‘qligi ma’lum bo‘lgan, deya qayd etdi Chegara qo‘shinlari.

Qo‘lga olingandan so‘ng, ushbu shaxslar tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda ichki ishlar organlariga jo‘natilgan.

Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining qayd etishicha, Umidjon Saidjonov bundan avval ham bir necha bor chegarachilar tomonidan davlat chegarasini buzish va turli xil inventarizatsiya buyumlarini noqonuniy ravishda olib o‘tish holatlari bo‘yicha qo‘lga olingan. Xususan, 2016 yil 31 oktyabrda Umidjon Saidjonov O‘zbekiston hududiga qariyb 8 million so‘mlik 3175 dona 2017 yilda O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan volfram lampochkalarini olib o‘tishga uringanida ushlangan.

Bundan tashqari, 2018 yil 7 yanvar kuni xuddi shu hududda Tico avtomashinasi orqali 18 million so‘mlik parfyumeriya tovarlarini olib o‘tayotganida qo‘lga tushgan.

Abdurasul Fozilov esa 2019 yil 10 noyabr kuni mazkur hududda davlat chegarasini buzganligi uchun qo‘lga olingan. Barcha holatlarda ham tegishli dalolatnomalar tuzilib, ular Farg‘ona viloyati IIBga yuborilgan.

Qayd etilishicha, ilgari ushbu hududda mahalliy kontrabandachilar qo‘rqitish va jinoyat sodir bo‘lgan joydan yashirinish maqsadida chegarachilarga bir necha bor bosim o‘tkazishga uringan. Shu kabi bosimlar oqibatida 2010 yilda harbiy xizmatchi N.Egamov, 2012 yilda A.Yunusov, 2013 yilda J.Ashirov davlat chegarasini qo‘riqlash vaqtida halok bo‘lgan.

Ayni vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy prokuratura bilan hamkorlikda yuqoridagi fakt bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazmoqda. Vaziyatga oydinlik kiritilgach, qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi, deyiladi Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabarida.