O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda gumon qilinayotgan Human xususiy bandlik agentligi rahbarlariga nisbatan jinoyat ishini tergov qilmoqda.

Departament matbuot xizmatining xabar qilishicha, hozirda ayrim shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda Human xususiy bandlik agentligi rahbari Shoxnur Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi va ozodlikda ekanligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilmayotganligini iddao qilib, jabrlangan fuqarolarni hukumat idoralari oldida chiqishlar qilishga undamoqdalar.

«Shu kabi da’volar assosiz va to‘g‘ri emasdir, deyiladi Tergov departamenti xabarida. Dastlabki tergov davomida Shoxnur Fayzullayevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) «a» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirda u IIV JIEBBga qarashli 1-sonli Tergov xibsxonasida saqlanmoqda.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplanishini ta’minlash maqsadida, Shoxnur Fayzullayev firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pul mablag‘lari hisobidan xarid qilingan mol-mulklarni, shuningdek o‘zlashtirib yuborilgan va sarflangan pul mablag‘larni aniqlab, ularni xatlash choralari ko‘rilmoqda.

«Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda, tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — deya ishonch bildirdi Tergov departamenti.

«Shu o‘rinda hurmatli fuqarolar sizlardan, rasmiy vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan turli xil sohta ma’lumotlar va undovlarga ishonib qolmasligingizni so‘raymiz, sababi yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik ma’muriy va jinoiy tartibda jazolanadi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, sentyabrda 52 kishi jamoaviy shikoyat arizasi bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildi. Mamlakatning turli viloyatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar 2018 yilning noyabridan 2019 yil sentyabriga qadar Human agentligi bilan shartnoma imzolagan, xususiy bandlik agentligi ularni Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvaga ishga joylashtirishi lozim edi. Har bir arizachidan agentlik shartnoma asosida 18 mln dan 35 mln so‘mgacha, jami esa 1,67 mlrd so‘m olgan. Biroq ulardan hech birini xorijda ish bilan ta’minlamagan.

Bundan avvalroq esa Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi xususiy bandlik agentligi Janubiy Koreyada ishga joylashtirishni va’da qilib, 645 kishidan jami 12 mlrd so‘mni aldov yo‘li bilan olib, o‘zlashtirib yuborgani xabar qilingan edi.