Shu yil 7 avgust kuni tush paytida Buxoro shahrining «Markaziy bozor» chorrahasida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX inspektori bilan qoidabuzar haydovchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal oxiri sud muhokamasigacha yetib bordi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, safdor Z.Jo‘rayev o‘sha kuni gavjum chorrahada yo‘l belgisiga amal qilmasdan harakatlangan «Neksiya» rusumli, 80 R 703 NA davlat raqamli avtomashinani to‘xtatib, sodir etilgan huquqbuzarlik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishini bildirgan.

Haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lib, Buxoro shahrining Qizilqum ko‘chasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan M.Yo.dan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni talab qilib olgan. Shunda fuqaro M.Yo. xodimning qonuniy talabini bajarmasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni tortib olib, avtomashinasini haydab ketib qolgan. Oradan 5 daqiqa o‘tgach, fuqaro M.Yo. YPX inspektori oldiga qaytib kelib, kuch ishlatib, uni qo‘lidan tortib, yo‘lning narigi tomoniga olib o‘tgan.

Janjal ko‘tarib, xizmat faoliyatini olib borayotgan xodimning ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi hamda jezel tayog‘ini tortib olgan. Hatto, egnidagi xizmat ko‘ylagini yirtib, faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Yo.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlariga oid hujjatlar tegishli sud organiga oshirilgandi. Yaqinda Buxoro shahridagi 4-son Ichki ishlar bo‘limida tashkil etilgan sayyor sud majlisida mazkur jinoyat ishi keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqildi. Sayyor sudda ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq videolavha namoyish etildi.

Sud tomonidan qilmishning jamiyat uchun ijtimoiy xavfi inobatga olingani holda ayblanuvchi M.Yo.ga nisbatan 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.