Qoraqalpog‘istoning Xo‘jayli tumanida muqaddam 5 marotaba firibgarlik jinoyatlari uchun sudlangan Tamara Madreymova ismli ayol yana bir bor jinoyatga qo‘l urdi.

Xo‘jayli tuman hokimiyati matbuot xizmatining xabar qilishicha, Tamara Madreymova 2018 yilning dekabridan 2019 yil avgustiga qadar fuqaro Juma Seydullayevaga o‘zini Xo‘jayli tuman hokimining opasiman deb tanishtirib, barcha muammolarini hal qilish, yer olib berish va Nukus shahar markaziy bozorida buzilgan 9 ta do‘konining pullarini undirib berishni va’da qilib, aldov yo‘li bilan uning 645 mln so‘m naqd pullarini qo‘lga kiritgan va qaytarib bermagan.

Xavfli retsidivist bo‘lgan bu ayol mobil telefon orqali ovozini o‘zgartirib gaplashgan va o‘zini hokimning onasi yoki opasi sifatida tanishtirgan.

Hozirgi vaqtda Xo‘jayli tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qism «a» bandi (firibgalik yo‘li bilan juda katta miqdorda zarar yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, Tamara Madreymova tegishli tartibda qamoqqa olingan.

Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.